Jahon | 13:19
2454
2 daqiqa o‘qiladi

Tusk: Rossiya butun dunyo bo‘ylab «havo terrori» aktlarini rejalashtirgan

Rossiya Polsha va boshqa mamlakatlardagi aviakompaniyalarga qarshi diversiyalar tayyorlagan, dedi Polsha bosh vaziri Donald Tusk Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Foto: Aleksandra Szmigiel / Reuters

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Rossiyani butun dunyo bo‘ylab aviakompaniyalarga qarshi diversiyalar tayyorlaganlikda aybladi. «Men ayta olaman — batafsil gapirmayman, lekin bu xavotirlar asosli ekanligini tasdiqlayman — Rossiya nafaqat Polshaga qarshi, balki havo terrori aktlarini rejalashtirgan», dedi Tusk 15 yanvar, seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Varshavadagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma matbuot anjumanida.

Tuskning so‘zlariga ko‘ra, Polsha «Rossiya qo‘poruvchilik harakatlariga qarshi turishda Yevropada asosiy rol o‘ynaydi». Uning bayonotlari Moskva Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Shimoliy Amerikaga uchayotgan yuk va yo‘lovchi samolyotlariga o‘t qo‘yish bo‘yicha operatsiyalarni rejalashtirgani haqidagi OAV so‘nggi xabarlari fonida yangragan. The Wall Street Journal gazetasi G‘arb razvedka agentliklariga tayanib, ushbu qo‘poruvchilik harakatlariga Leypsig (Germaniya) va Birminhem (Britaniya)dagi DHL logistika markazlarida yozda sodir bo‘lgan yong‘inlar kiradi, deb yozdi. Huquq-tartibot idoralari bundan avval ham bu qo‘poruvchilik harakatlari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan edi.

Tusk: Polsha Ukrainaning Yevroittifoqqa kirishini tezlashtiradi

Donald Tuskning qo‘shimcha qilishicha, 1 yanvardan Yevropa Ittifoqi kengashiga navbatdagi olti oylik raislik vazifasini o‘z zimmasiga olgan Polsha Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini tezlashtiradi. Zelenskiy, o‘z navbatida, «Ukraina Yevropa Ittifoqiga qanchalik tez kirsa, NATOga tezroq a’zo bo‘lishi, butun Yevropa o‘ziga kerakli geosiyosiy ishonchni shunchalik tez olishi»ga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid