Jahon | 13:27
2081
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tankerlari 3,5 mlrd dollarlik neftni egalariga yetkazib berolmayapti

Rossiyaning soyadagi floti o‘ndan bir qismi AQShning yangi sanksiyalari tufayli to‘xtatildi, deb yozadi The Moscow Times. Xalqaro energetika agentligi neft ta’minoti oqimlarida o‘zgarishlar bo‘lishini kutmoqda.

Foto: Rizwan Tabassum/AFP

Xalqaro energetika agentligining yanvar oyidagi hisobotida aytilishicha, AQShning Rossiya neft sanoatiga qarshi yangi keng ko‘lamli sanksiyalari global neft ta’minoti oqimiga ta’sir qilishi mumkin. 15 yanvar, chorshanba kuni chop etilgan hisobotga ko‘ra, sanksiyalar Rossiya, Eron va Venesuela uchun neft savdosi logistikasini yanada murakkablashtirdi, biroq soyadagi flotdan tashqaridagi tankerlardagi eksport narx chegarasidan pastroq sotib olingan Rossiya nefti uchun jiddiy emas bo‘lib qolmoqda.

Soyadagi flot tankerlarining 10 foizi dengizda qolib ketgan

Ayni paytda, The Moscow Times hisob-kitoblariga ko‘ra, AQShning yangi sanksiyalari Rossiya soyadagi flotidagi 3,5 milliard dollardan ortiq neftni tashuvchi tankerlarning taxminan o‘ndan bir qismi ishini to‘sib qo‘ygan. Nashr Lloyd's List Intelligence hisob-kitobiga asoslanadi, unga ko‘ra Rossiya soyadagi floti umumiy hajmi deyarli 670 ta kemani tashkil qiladi. Shu bilan birga, Reuters agentligining xabar berishicha, 13 yanvar holatiga ko‘ra, Rossiya neftini olib ketayotgan kamida 65 tanker Xitoy va boshqa mamlakatlar portlariga kira olmagan.

Bu kemalar so‘nggi ikki yarim hafta ichida Rossiyadan jo‘natilgan neftni tushira olmayapti, deb yozadi The Moscow Times. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 12 yanvarda yakunlangan haftada Rossiya portlarida 21,1 million barrel xom neft yuklangan bo‘lsa, oldingi haftada bu ko‘rsatkich 21,2 million barrelni tashkil etgan. Dekabr oyida esa o‘rtacha kunlik eksport darajasi deyarli 3 million barrelni tashkil etdi, shuning uchun tankerlar 2,5 haftada 53 million barrelni olib chiqishi mumkin edi. Bu esa 3,3-3,6 milliard dollar degani, deya xulosa qiladi The Moscow Times.

Mavzuga oid