O‘zbekiston | 23:05 / 10.03.2016
5663
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi reklamalarda behayo sahnalar taqiqlanadi

Endi O‘zbekistondagi internet tarmoqlarida ham qimor o‘yinlari reklamasiga barham beriladi, shuningdek, tovarlar sotilishini ko‘paytirish uchun televideniyeda behayo (erotik) sahnalardan foydalanishni ta'qiqlash rejalashtirilayapti.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “Reklama to‘g‘risidagi” Qonunga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish” qonunchilik loyihasi joylashtirildi. Bu haqda “Sputnik O‘zbekiston” xabar bermoqda.

Istagan fuqaro qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar borasida o‘z izohini qoldirishi mumkin. Muhokama 24-mart kuni yakunlanadi.

“Reklama to‘g‘risidagi” yangi tahrirdagi qonunga binoan behayo(erotik) sahnalardan foydalanish man etiladi. Shuningdek, internet tarmoqlarida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida xizmatlar ko‘rsatish, dasturiy ta'minotni nashr qilishni ta'qiqlash ko‘zda tutilgan.

“Balog‘at yoshiga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan roliklarda, haqiqiy yoki soxta quroldan foydalanish ta'qiqlanadi, shuningdek, ekstremal holatlarga tushib qolgan bolalarni ko‘rsatish mumkin emas”, deyiladi hujjat matnida. Bolalar uchun mo‘ljallangan tovarlar narxini ko‘rsatishda “tovar narxi haqida noto‘g‘ri tushuncha uyg‘otuvchi” “xolos” va “bor-yo‘g‘i” kabi so‘zlardan foydalanish ham ta'qiqlangan.

Mazkur qoidalar ijtimoiy va siyosiy reklamalarga, shu jumladan, reklama xarakteriga ega bo‘lmagan viveskalar va ko‘rsatkichlarga joriy etilmasligi ta'kidlangan.

Muhokamalarda yozilgan fikrlar va So‘rovnomadagi takliflar tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiquvchilar tomonidan ko‘rib chiqiladi.