Jahon | 07:07 / 19.01.2016
3886
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya musulmonlari bosh vazir Kemeronni ingliz tiliga qaratayotgan e'tibori uchun qoralashdi

Britaniya musulmonlari uyushmasi Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeronni islom diniga mansub odamlarni yomon otliq qilib ko‘rsatayotgani uchun qoraladi. 18 yanvarda Reuters axborot agentligi xabar berganidek, bunga bosh vazirning musulmon ayollar ingliz tilini o‘rganishi ekstremistik moyilliklarga qarshi kurashdagi muhim qadam deb atagani sabab bo‘lgan.

“Hukumatning musulmonlarga nisbatan bildirayotgan fikrlari foydasizdir, u musulmon jamiyatini yomon otliq qilish va kamsitishni davom ettirmoqda”, deb aytilmoqda Musulmon ayollar kengashi bayonotida. Kengashning izohlashicha, u ingliz tilini o‘rganish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ma'qullaydi, biroq tilni bilmaslik va ekstremistik moyilliklar o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik borligini inkor qiladi.

Kemeron ingliz tilini bilishning past darajasi bilan ekstremizm o‘rtasida bevosita aloqa yo‘qligini aytdi, biroq britan jamiyatiga kirishib keta olmaganlar boshqalardan ko‘proq radikal oqimlarga kirib ketish xavfiga egalar. Bosh vazirning aytishicha, qirollikka kelgandan keyin ikki yil ichida til bo‘yicha imtihonni topshira olmagan ba'zi shaxslar mamlakat hududini tark etishlariga to‘g‘ri keladi.      

Avvalroq 18 yanvarda Britaniya hukumati yopiq jamiyatlardagi ayollar ingliz tilini o‘rganishlari dasturi uchun 20 mln funt sterling ajratishni rejalashtirayotgani haqida ma'lumot paydo bo‘lgandi. 2016 yil oktabrdan turmush o‘rtog‘ining vizasi bo‘yicha mamlakatga kelgan ayollar ingliz tilini bilish darajalari yaxshilangani bo‘yicha sinovdan o‘tkazila boshlanadilar.