Qozog‘istonlik qiz o‘z ixtirosi bilan jahon atir-upachilarining “burnini ishqab qo‘ydi”
Qizilo‘rdalik “Nazarboyev intellektual maktabi” o‘quvchisi Akmaral Bisenova aromatizatorlarni olishning tezkor va tejamkor usulini o‘ylab topdi. O‘quvchi qizning ixtirosida asosiy o‘rinni mikroto‘lqinli pech egallaydi.
Kerakli hidni mikroto‘lqinli pechda bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa ichida olish mumkin, deb xabar bermoqda Liter.kz nashri.
Qizilo‘rda davlat universiteti rahbari, professor Nurbo‘l Appazovning aytishicha, o‘quvchi qiz tomonidan yaratilgan usul jahon atir-upachilariga chaqiriq bo‘lishi mumkin.
“Odatda yangi hidlar maxsus laboratoriyalarda olinadi. Akmaral hidlarni mikroto‘lqinli pechda bir necha daqiqa ichida olishni taklif qilmoqda. Ushbu usuldan dorishunoslik sanoatida dori vositalari, oziq-ovqat sanoatida aromatizatorlar va lok-bo‘yoq sanoatida erituvchilar tayyorlashda hamda polimer materiallar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin”, deb aytmoqda Appazov.
Aromatizatorlar neft chiqindilaridan olinadi, kimyoviy reaksiyalarda shuningdek, oddiy oshxona sirkasi, katalizatorlar ham ishtirok etadi. Aromatizatorlarni olish jarayoni iqtisodiy jihatdan foydalidir, chunki reaksiyalarda ikkilamchi mahsulotlar paydo bo‘lmaydi, bu esa keraksiz aralashmalarni tozalash uchun qo‘shimcha xarajatlarni talab qilmaydi. Aromatizatorlarni olish usuli nafaqat tezkor, balki katta sarf-xarajat ham talab qilmaydi.