Jahon | 00:08 / 20.01.2016
11794
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzaniya prezidenti kalta yubkalar kiyib yurish va mustaqillik kunini nishonlashni taqiqlab qo‘ydi

Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli kalta yubkalar kiyib yurishni taqiqlab qo‘ydi. Magufuli mamlakatdagi barcha ayollar uch hafta ichida bunday kiyimlaridan xalos bo‘lishlarini talab qildi. Uning ta'kidlashicha, bunday kiyim OIV va OITSning tarqalishiga olib keladi. Bu haqda Keniyaning "Standart" gazetasi ma'lum qildi.

Avvalroq Magufuli mamlakatning mustaqillik kunini nishonlashni bekor qilgandi, uni o‘tkazishdan tejalgan mablag‘larni esa chiqindilarni tozalashga yo‘naltirdi. Uning aytishicha, “odamlar vabodan o‘layotgan bir vaqtda mablag‘larni bayram tadbirlariga ishlatish isnoddir”.

Shuningdek, Tanzaniyada bir necha oy oldin “g‘alamis tverking raqs uslubi” ham bekor qilingandi. Mamlakatning madaniy rivojlanish bo‘yicha milliy direktori German Mvansokoning aytishicha bu raqs “yoshlarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi”.

Magufuli 2015 yil noyabrida hokimiyatga kelganidan keyin byudjyet mablag‘larini tejash maqsadida ba'zi taqiqlovlarni kiritdi. U hukumat amaldorlari uchun mo‘ljallangan Yangi yil va rojdestvo otkritkalarini chop etishni taqiqladi.

Magufuli, shuningdek, mablag‘larni parlament sessiyasining ochilishi marosimiga sarflashni taqiqlab qo‘ydi. Bundan tejalgan pullar esa asosiy tibbiyot markazlari uchun karavotlar sotib olishga ishlatildi. Magufuli bundan avvalroq tibbiyot markazlaridan biriga tashrifi vaqtida ko‘pchilik kasallar karavotlar yo‘qligi sababli polda yotishga majbur bo‘layotganliklarini aniqlagan.
Bundan tashqari, prezident davlat amaldorlariga xorijiy safarlarga borishni man qildi va ular dunyo bo‘ylab safar uyushtirish o‘rniga mamlakatdagi muammolarni hal qilish uchun ko‘proq vaqt ajratishlarini talab qildi. Agarda xorijga safar uyushtirish juda zarur bo‘lsa, unda amaldorlar tejamkor sinf bilan uchishlari belgilab qo‘yildi. Birinchi va biznes sinfda parvoz qilish imkoniyati faqatgina prezident, vitse-prezident va bosh vazir uchungina saqlab qolindi.