O‘zbekiston | 15:25 / 21.01.2016
6985
2 daqiqa o‘qiladi

Davavianazorat: O‘zbekiston samolyotlari bortida elektron qurilmalardan foydalanish mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi buyrug‘i bilan (Adliya vazirligida 2016 yil 12 yanvar kuni ro‘yxatga olingan) «Yo‘lovchilarning havo kemasi bortidagi hatti-harakati qoidalari»ga kiritilgan o‘zgartirishlarga «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnali inspeksiya bilan bog‘langan holda oydinlik kiritdi.

Qoidalardagi o‘zgarishlarga ko‘ra, "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida parvoz qiluvchi yo‘lovchilariga samolyotning yurishi, ko‘tarilishi va qo‘nishi jarayonida fotosuratga va video tasvirga olish taqiqlangan edi.

Inspektsiyaning aniqlik kiritishicha, fotosurat va videotasvirlar fuqarolik aviatsiyasiga noqonuniy ravishda aralashuv bilan bog‘liq faoliyatda (terrorchilik va h.k.) qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, samolyot bortida turib, suratga olish mumkin bo‘lmagan obektlarni rasmga tushirish mumkinligiga asoslan holda, mazkur taqiq joriy etilgan.

Bundan tashqari, Davavianazorat inspeksiyasining ta'kidlashicha, O‘zbekiston laynerlari bortida parvoz chog‘ida turli elektron qurilmalardan foydalanishga ruxsat beriladi. Noutbuk, planshet, elektron kitoblar o‘qish uchun mo‘ljallangan qurilmalar, mobil o‘yin devayslari va boshqalar o‘z maqsadida qo‘llanilishi mumkin. Biroq ularni samolyotning yurishi, ko‘tarilishi va qo‘nishi paytida ishlatish, shuningdek, ulardan fotoapparat yoki videokamera sifatida foydalanish taqiqlanadi.