Jahon | 00:40 / 21.01.2016
9673
2 daqiqa o‘qiladi

Insoniyat dunyo okeani isishini ikki marotaba tezlashtirib yubordi

Dunyo okeani avvalgiga qaraganda ikki marta ko‘p antropogen issiqlikni yutmoqda – deya aniqlashdi olimlar. “1990 yildan beri jahon okeani tamonidan yutib yuborilgan issiqlikning umumiy hajmi ikki marotaba ortdi. So‘nggi 150 yil mobaynida bunday hodisa kuzatilmagan edi”, - dedi Pensilvaniya universiteti meteorologiya kafedrasi professori Kris Forest.

So‘nggi 18 yil davomida 1997 yildan boshlab okeanlar 1865 yildan 1997 yil davridagi kabi 150 zettajoul quvvatni yutgan, deyilmoqda Nature Climate Change jurnalida nashr etilgan tadqiqotda.

Olimlar tomonidan aniqlangan ma'lumotlarga ko‘ra, insoniyat tomonidan yuzaga kelgan 90 foiz issiqlik dunyo okeani tomonidan yutib yuboriladi. Yangi tadqiqotda 1870-yillarda ingliz tadqiqot kemalari tomonidan to‘plangan ma'lumotlar, shuningdek yuqori texnologik monitorlar ma'lumotlari va murakkab kompyuter modellaridan foydalanildi. Bu insoniyat faoliyati natijasida dunyo okeani haroratining o‘zgarishini baholash imkonini yaratdi.

Okeanning isishi

Yutib yuborilgan issiqlikning katta qismi suvning 700 metr qalinlikdagi yuqori qatlamida to‘planadi. Biroq olimlarning fikriga ko‘ra, bu tendensiya o‘zgarib turadi.
So‘nggi o‘n yillik davomida okean faol tarzda isishda davom etmoqda, issiqlik tobora suv tubiga singib boryapti, - dedi Kaliforniyadagi Livermors milliy laboratoriyasi xodimi, tadqiqotning yetakchi muallifi Piter Glekler.

Olimlarni eng ko‘p xavotirga solgan hodisa – okean harorati ko‘tarilishining tezligi. Okeanning yutib yuborish imkoniyati kamayishi bilan issiqlik atmosferada to‘planadi. Bu esa Yerning issiqlik muvozanati buzilishiga olib keladi.

Ekspertlar tadqiqot natijalari okean jonzotlari uchun yomon oqibatlarga olib kelishi, dengiz oqimlari va to‘fonlar tezligiga ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini ta'kidlashmoqda. Bu esa global isish inson aybi bilan sodir bo‘layotganligini yana bir bor isbotlaydi.