Jahon | 00:49 / 26.01.2016
5141
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya tashqi ishlar vaziri Shengen barbod bo‘lish chegarasida turganini aytdi

Shengen hududi barbod bo‘lish chegarasida turibdi, chunki ba'zi davlatlar Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini himoya qila olmayotgan Gretsiya hukumatining harakatsizligi tufayli o‘z chegaralarida nazoratni kiritishga majbur bo‘lmoqdalar. Bu haqda Amsterdamda bo‘lib o‘tayotgan Yevropa Ittifoqi adliya va ichki ishlar vazirlari uchrashuvida Avstriya tashqi ishlar vaziri Yoxanna Mikl-Lyaytner aytdi.

Uning aytishicha, “barcha Shengenning mavjudligi xavf ostida turganini, tezroq choralar ko‘rish kerakligini tushunmoqda”. “Shengen barbod bo‘layotganini ba'zi davlatlar, jumladan Avstriya qabul qilayotgan choralardan ko‘rish mumkin”, deb aytdi Mikl-Lyaytner. U “Gretsiya iloji boricha tezroq harakat qilishni boshlashi kerakligini” ta'kidlab o‘tdi. “Agar Gretsiya choralar ko‘rmasa, unda borgan sari ko‘proq davlat Avstriya kabi milliy choralar ko‘rishni boshlaydi”, deb aytmoqda Mikl-Lyaytner.

Vazir Avstriya tomonidan ko‘rilayotgan choralar haqida gapira turib, 26 yanvarda mamlakat hukumati qonunchilikka qochqinlar uchun sharoitlarni qat'iylashtiruvchi o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqishini qo‘shimcha qildi. Xususan, muhojirlarni qabul qilishga kvota (2016 yilda qochqin maqomini 37,5 mingdan ko‘p bo‘lmagan odamga berish taklif qilinmoqda) kiritish va uch yillik muddatga vaqtinchalik qochqin maqomini berishga o‘tish rejalashtirilmoqda.