O‘zbekiston | 01:01 / 27.01.2016
4025
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi: Germaniya O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirishda davom etadi

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Naytxart Xyofer-Vissing 26 yanvardagi matbuot-anjumanida Germaniya va O‘zbekistonning 2015 yildagi hamkorligi haqida ma'lumot berdi va joriy yildagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

Deyarli butun jahon hamjamiyatiga va xususan, Yevropa Ittifoqiga ta'sir qilgan bir qator qiyinchiliklarga qaramasdan, Germaniya Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropadagi ixtiloflarni tinchlik bilan hal qilish bo‘yicha sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

“Germaniya joriy yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga raislik qiladi va bu lavozimda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston bilan ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish va chuqurlashtirishga intiladi”, deb aytdi Naytxart Xyofer-Vissing.

O‘zbekistonning Germaniyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasidagi ulushi 22,5 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasida kamayish kuzatilgan. Germaniya statistikasiga ko‘ra, 2015 yilning yanvar-noyabr oylarida Germaniyadan O‘zbekistonga eksport 380 mln yevroni va O‘zbekistondan Germaniyaga eskport 16,1 mln yevroni tashkil qilgan. Butun 2014 yil davomida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 465 mln va 16,8 mln yevroni tashkil qilgandi.

Elchi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga o‘tgan yili O‘zbekiston-Germaniya va Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlik kengashlarining yaratilgani yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkinligini aytdi. Elchi bu va boshqa loyihalar ikki davlat halqlari manfaatlari uchun xizmat qilishiga umid bildirdi.

2016 yilda Germaniya Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishdagi ishtirokini davom ettiradi, shu sababli Bundestag o‘zining bu davlatdagi kuchlarini oshirishga qaror qildi.

“O‘zbekiston hukumati kabi biz Afg‘onistondagi aholi tinch-totuvlikda yashashi uchun bu davlatda muzokaralar o‘tkazish uchun istalgan imkoniyatdan foydalanishimiz kerak. Bu davlatda nemis askarlari ko‘rgan qurbonlar bekor bo‘lmasligi kerak”, deb aytdi elchi.