Jahon | 10:35 / 05.02.2016
3524
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonga Turkiya bosh vazirining tashrifi kutilmoqda

Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li 6 fevral kuni Qozog‘istonga tashrif buyuradi. Bu haqida Trend xabar qilgan.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, tashrif davomida Dovudo‘g‘liga Turkiyaning Transport, kemasozlik va kommunikatsiya vaziri Binali Yildirim hamrohlik qiladi.

Tashrif chog‘ida qozog‘istonliklar bilan mintaqaviy masalalar va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokamasi kutilmoqda.

Hozirda Turkiya investitsiya almashinuvi bo‘yicha (2 mlrd. dollar) Qozog‘istonning AQSh, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyadan keyin to‘rtinchi o‘rinda turuvchi asosiy hamkori sanaladi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda 1800ga yaqin turk kompaniyasi faoliyat olib bormoqda. Qozog‘istondagi turk pudratchilari loyihalarining umumiy qiymati 17,5 milliard dollariga yaqinni tashkil etadi.

So‘ng yillarda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi ikki barobarga ortib, 2 milliarddan 4 milliard AQSh dollariga yetdi. “Yangi hamkorlik” dasturlari doirasida ikki davlat boshliqlari bu ko‘rsatkichni 10 milliard AQSh dollariga olib chiqishga kelishib olishdi.

Qayd etish kerakki, turklar sun'iy yo‘ldoshlarini “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromidan uchirishgan.