Sankt-Peterburg yaqinida politsiyachilar BTRni taqib qildilar
7 fevralda Rossiyaning Leningrad viloyatida jangari filmlardagi kabi voqea yuz berdi – politsiyachilar zirhli mashinani (bronetransportyor) taqib qildilar. Jangovor mashinaning ichida dala hovlisida dam olayotgan ikki nafar mast holatdagi erkak bo‘lgan. Ular BTRda yon-atrofni sayr qilishga qaror qilishgan.
Politsiya bo‘limiga bu haqdagi xabar ertalabki soat 5 larda kelib tushgan. Karavayevo qishlog‘ida yashovchi bir erkak telefon qilib, "Mening tomorqamda BTR yuribdi", deb qo‘rquvdan go‘shakka baqirayozgan.
Yo‘l harakati xavfsizlik davlat inspeksiyasi xodimlari voqea joyiga chiqib, BTRni Ust-Lug dengiz porti yaqinida uchratishgan. Ularning mashinasi BTR g‘ildiraklari tagida qolib ketishiga bir baxya qolgan: BTRni boshqarayotgan mast holdagi haydovchi uni to‘g‘ri politsiyachilar mashinasiga qaratib katta tezlikda haydab kelgan. BTR haydovchisi oxirgi lahzada to‘qnashib ketishini anglab, dalaga qarab keskin burilgan va u yerda daraxtga borib urilgan.
Politsiya xodimlari mashinada daladan o‘ta olmaganlar va BTR haydovchisini piyoda tutishlariga to‘g‘ri kelgan.
"BTR rulida 30 yoshli mast holatdagi erkak bo‘lgan. Uning sherigi ham kayfda bo‘lgan", deb aytdilar politsiyachilar.
BTR haydovchisi Sankt-Peterburgda yashashini, Kingiseppsk tumanida dala hovlisi va yaxtasi borligini tan olgan. Biroq u BTRni qayerdan olganini tushuntirib bera olmagan.