O‘zbekiston | 00:31 / 12.02.2016
18841
5 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov raisligida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Prezidentimiz Islom Karimov raisligida 11 fevral kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon, xususan, 2015 yilda amalga oshirilgan ishlar va ularning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha fikr yuritdi.

"Biz katta orzu-niyatlar bilan 2002 yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etgan edik, – dedi Yurtboshimiz. –Mana, oradan 14 yil o‘tdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugun biz nafaqat 2015 yilda, balki ana shu o‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlarimizga ham to‘xtalsak o‘rinli bo‘ladi. Bolalar sportini rivojlantirish, uni davlat siyosati darajasiga ko‘tarish maqsadida maxsus Jamg‘arma tashkil qilib, o‘z oldimizga qo‘ygan vazifalarni ado etishda biz nimalarga erishganimiz haqida, qanday xulosalar chiqarishimiz zarurligi haqida gaplashib olsak, ayni muddao bo‘lar edi".

Birinchidan, farzandlarimiz, yosh avlodimizni bolaligidan boshlab sport bilan oshno qilish, ularning qalbida sportga havas va mehr uyg‘otish, ularni jismoniy va ma'naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalashni mazkur Jamg‘armaning asosiy vazifasi sifatida tasdiqlab olganimiz hammamizga yaxshi ma'lum. Farzandlarimizni bolalikdan – asosan maktab yoshidan boshlab sportni o‘zining hayotdagi doimiy hamrohi deb bilishi, ular umrbod sport bilan do‘st bo‘lib qolishini, buning uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni barpo etishni o‘zimizga maqsad qilib qo‘ygan edik.

Majlisda shu borada mamlakatimizda erishilayotgan natijalar aniq raqam va misollar asosida ko‘rsatib o‘tildi.

2005 yilda yurtimizda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning 30 foizi, jumladan, qishloq joylarda 29 foizi sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2015 yilda bu raqamlar tegishli ravishda 57,2 foiz va 56 foizni tashkil etgani qayd etildi. Bunday misollar mamlakatimiz bu borada katta o‘sish va o‘zgarishga erishganidan yaqqol dalolat beradi.

Ikkinchidan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli ishlarimiz natijasida o‘g‘il-qizlarimiz muntazam shug‘ullanadigan sport turlarining soni keskin ravishda oshib bormoqda. Masalan, ayni shu yoshdagi bolalar 2005 yilda 43 turdagi mashg‘ulotlarga qatnagan bo‘lsa, bugungi kunda ular 59 sport turi bilan shug‘ullanayotgani bu sohadagi yutuqlarimiz nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, farzandlarimiz biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan badiiy gimnastika, suzish, sinxron suzish, tennis, taekvondo, dzyudo, karate, vaterpol, eshkak eshish kabi sport turlari bo‘yicha muntazam shug‘ullanayotgani, qit'a va jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, yuqori shohsupalarga ko‘tarilayotgani har qanday odamni hayratda qoldiradi, dedi Prezidentimiz.

Ilgari bugungiday zamonaviy suzish havzalari, tennis kortlari yoki gimnastika zallari yetti uxlab tushimizga ham kirmas edi. Misol uchun, suzish deganda, ariq yoki kanallarda, oddiy sanitariya talablariga ham javob bermaydigan loyqa suv va hovuzlarda cho‘milishni tasavvur qilar edik. Buning oqibatida respublikamiz aholisi, eng yomoni, bolalar o‘rtasida og‘ir kasalliklar nihoyatda ko‘payib ketgani, onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha O‘zbekiston sobiq ittifoqda eng oldingi o‘rinlarda turgani ham kechagi tariximizdan yaxshi ma'lum.

Mustabid tuzumdan meros bo‘lib qolgan ana shunday og‘ir vaziyat tufayli 2000 yilda har 100 ming bolaning 6 mingga yaqini o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalarga, 576 tasi pnevmoniya, 449 tasi bronxit, 310 tasi skolioz kasalligiga chalingan edi.

Keyingi yillarda keng ko‘lamdagi iqtisodiy, ijtimoiy, maishiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlarni izchil joriy etish, bolalar sportini tizimli asosda rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlarimiz natijasida bugungi kunga kelib sport bilan shug‘ullanadigan 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarimiz o‘rtasida o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalar bilan kasallanish 47,3  foizga, pnevmoniya bo‘yicha 55,6, bronxit bo‘yicha 61,7, skolioz bo‘yicha 45,5 foizga kamaygani biz erishgan eng muhim natija sifatida albatta barchamizni quvontiradi, deb qayd etdi Islom Karimov. Bunday ijobiy o‘zgarishlarni har qaysi ota-ona o‘z oilasi, o‘z farzandlari misolida ko‘rib, sportning bu boradagi ta'siri va ahamiyatini tobora chuqur anglab yetmoqda.