Jahon | 10:15 / 12.02.2016
5089
2 daqiqa o‘qiladi

MRB: IShID jangarilari jangovor harakatlar vaqtida kimyoviy qurol ishlatgan

IShID jangarilari jangovor harakatlar vaqtida kimyoviy qurol ishlatgan, deb aytdi AQSh markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Brennan CBS telekanaliga bergan intervyusida.

"Biz IShID jangovor harakatlar vaqtida kimyoviy o‘q-dorilarni ishlatgan holatlardan xabarimiz bor", deb aytdi Brennan jurnalist savoliga va bu o‘q-dorilar artilleriya snaryadlari bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Brennanning aytishicha, "IShID kimyoviy o‘q-dorilarni yaratishda foydalanishi mumkin bo‘lgan elementlarni olishga imkoni bo‘lgan". CBS’ning ma'lum qilishicha, MRBning fikricha, jangarilar kichik miqdorda xlor va iprit zaharli moddalarini yarata olish imkoniga ega.

Brennanning ta'kidlashicha, bu kimyoviy moddalarning G‘arb davlatlariga yuborilishi ehtimoli mavjud. "Aynan shuning uchun jangarilar foydalanadigan kontrabanda va transport yo‘nalishlarini kesish kerak", deb aytdi MRB direktori.

Brennan "AQSh razvedkasi IShIDni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiyada", jumladan Suriya va Iroqda jangarilar ixtiyorida nimalar borligi haqidagi ma'lumotlarni olishda faol ishtirok etmoqda.