Jahon | 15:25 / 19.03.2016
1769
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik uchuvchi: Rostovda Boeing uchuvchilari qo‘shimcha xarajatdan qochish uchun samolyotni qo‘ndirishga urinishgan

Rossiya qahramoni, sinovchi-uchuvchi Anatoliy Knishov Rostov-Donda qulab tushgan FlyDubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 samolyoti halokati bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda «Gazete.Ru» xabar bermoqda.

«Men o‘ylaymanki, samolyotni noqulay ob-havo sharoiti bo‘lganiga qaramasdan qo‘ndirish qarori ortiqcha xarajatdan tiyilishni o‘ylagan holda qabul qilingan. Ekipaj a'zolari yo‘lovchilar xavfsizligini emas, xarajatdan qochishni o‘ylashgan. Chunki, boshqa aerodromga borish qo‘shimcha xarajatni keltirib chiqarar edi. Boshqa aerodromga qo‘nish uchun tur-operator aerodromga ekipaj a'zolari va yo‘lovchilarning dam olishi sharoitlari hamda boshqa xizmatlar evaziga pul to‘lashi kerak bo‘lardi», — deb hisoblaydi Knishov.

Uning aytishicha, aynan shu sababli ekipaj ikkinchi aylanishdan chiqishdan bosh tortgan.

«Boeing birinchi urinishda qo‘na olmagach, uchuvchilar samolyotni noqulay havo sharoitida qoldirishgan va sharoit yaxshilanishini kutishgan», — deya qo‘shimcha qiladi Knishov.

Ekspertning aytishicha, bu aviahalokatni uchuvchilarning xatosi tufayli ro‘y bergan deb hisoblasa bo‘ladi. Bunga samolyot yerga qarab keskin burilgan holda tushishi dalil bo‘ladi.

Bundan oldinroq, Rossiya Tergov qo‘mitasi Boeing yo‘lovchi samolyoti halokati sabablari sifatida 3ta taxminni - uchuvchilarning xatosi, bortda ro‘y bergan texnik nosozlik va noqulay ob-havo sharoiti (shu kuchada Rostovda kuchli shamol kuzatilgan) o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etish kerakki, samolyot birinchi urinish muvaffaqiyatsiz chiqqanidan keyin aeroport osmonida 2 soatdan ortiq vaqt davomida aylanib yurgan. Bu vaqtda esa samolyot boshqa aerodromga yetib olishi mumkin bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 19 mart, shanba kuni FlyDubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 layneri Rossiyaning Rostov-Don shahri aeroportiga qo‘nish vaqtida halokatga uchradi. Hodisa oqibatida samolyot bortida bo‘lgan barcha yo‘lovchilar (55 kishi) va ekipaj a'zolari (7 kishi) halok bo‘lgan.

Rostovda qulagan Boeing samolyoti 2 soatdan ortiq vaqt davomida qo‘nishga uringan