Jahon | 15:14 / 11.04.2016
2037
2 daqiqa o‘qiladi

Temir Sariyev Qirg‘iziston bosh vazirligidan iste'fo berdi

Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev Vazirlar Mahkamasi fonidagi mojarolar fonida iste'foga chiqishini ma'lum qildi.

U Bishkekda bo‘lib o‘tgan mamlakat vazirlar mahkamasining navbatdan tashqari majlisi vaqtida o‘z lavozimini tark etishini bildirgan.

"Men iste'foga chiqmoqdaman. Prezident bundan xabardor. Bu vaziyatni barqarorlishtirishi kerak. Ushbu lavozim mojaroga sabab bo‘lmasligi kerak", degan u.

Qayd etish kerakki, 1 haftadan buyon bosh vazir atrofida turli shubhalar bildirilib kelindi. Bu mojaro Vazirlar Mahkamasida transport va kommunikatsiyalar vaziri Arginbek Malabayevning bosh vazir atrofidagi kishilarni, Baliqchi-Korumdu avtoyo‘lini rekonstruksiya qilish uchun tenderda Xitoy kompaniyasi manfaatlarini himoya qilishda ayblaganidan keyin yuzaga keldi.

Bunga javoban, Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev transport va kommunikatsiyalar vaziri Arginbek Malabayevni vazifasidan ozod etish bo‘yicha taklifini prezident huzuriga kiritgan edi. Ammo, Atambayev buni rad etib, milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limiga bosh vazir hamda vazir o‘rtasidagi ziddiyat sabablarini o‘rganishga ko‘rsatma bergandi.

Bundan oldinroq, Temir Sariyev Vazirlar Mahkamasi vakillariga hukumat qarorlariga qarshi chiqishni taqiqlagandi.

Uning iste'fosi Vazirlar Mahkamasining iste'fosini talab etadi. Hukumatning amaldagi tarkibi Sariyevdan tashqari to‘la tarkibda yangilangan hukumatda bo‘lishi aytilmoqda.

Sariyevning o‘rniga bosh vazir bo‘lishi mumkin bo‘lganlar qatorida deputatlar Chinibay Tursunbekov va Kanat Isayev nomlari bor. Temir Sariyev 2015 yilning aprelida lavozimiga tayinlangandi. U bu lavozimda Joomart Otorbayevni almashtirgandi.