Jahon | 10:16 / 16.04.2016
2456
2 daqiqa o‘qiladi

Putinga savol bergan fermer "jonli muloqot" oldindan repetitsiya qilinganini aytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan "jonli muloqot" vaqtida Putindan qishloqlarda ko‘plab maktablar, shifoxonalar va bolalar bog‘chasining qisqartirilishi haqida so‘ragan urallik fermer Vladimir Melnichenko "jonli muloqot" avvaldan rejalangan ssenariy bo‘yicha o‘tganini ta'kidlamoqda. Bu haqda 66.ru portali xabar berdi.

"Menga omad kulib boqdi. Menga savol berishga imkon berilishiga hech qanday ishora ham yo‘q edi. Jonli muloqot oldidan tadbirda bevosita ishtirok etuvchilarni zalda joylashtirish-o‘tqazish bo‘yicha ikki kun repetitsiya o‘tkazildi. U yerda mikrofonlar bilan yurgan qizlarda kimning yoniga borish oldindan yozib qo‘yilgandi. Men u yerda dekoratsiya sifatida o‘tirgandim. Stsenariy bo‘yicha, prezident umuman zalga murojaat etmasligi kerak edi. U yerda kim savol berishi, kim bermasligi oldindan belgilab qo‘yilgandi. Agar men "Qishloqqa ham aytishga bering!" demaganimda hech kim menga mikrofonni bermasdi ham. Biroq intizom biroz izdan chiqqandan keyin, men darhol savol berish uchun imkoniyatdan foydalanib qoldim", deb aytmoqda Melnichenko.

Fermerning aytishicha, "jonli muloqot" rejalashtirilgan shaklda bo‘lgan bo‘lsa ham, Putinning o‘zi ba'zida "yuguruvchi qatordan" savollarni tanladi, boshlovchilar esa bu vaqtda "alahlab" qolishdi.

Avvalroq Putinning 2016 yilgi "jonli muloqoti" televizion namoyishi 6,4 punktga, ya'ni 58,4 foizgacha tushib ketgani ma'lum qilingandi. Bir yil avvalgi muloqotda rekord ko‘rsatkich – 63,8 foiz televizion namoyish qayd qilingan edi. 2016 yilgi Putin bilan "jonli muloqot" 3 soatu 40 daqiqa davom etdi.