Jahon | 18:53 / 06.05.2016
42455
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV Shimoliy Koreya bilan moliyaviy aloqalarni muzlatish taklifini bildirdi

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Koreya respublikasi bilan barcha moliyaviy aloqalarni butunlay to‘xtatish taklifini bildirmoqda. KXDR yadro sinovlari munosabati bilan BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan joriy qilingan sanksiyalarning ijrosini ta'minlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihasi maxsus saytda e'lon qilingan.

Xabar qilinishicha, ma'muriyat loyihasida 2016 yil 2 martidan boshlab 90 kun mobaynida Rossiya hududida KXDR banklari shoxobchalari, vakolatxonalari yoki sho‘'ba korxonalarini yopish, KXDR banklari bilan birga tashkil etilgan qo‘shma korxonalar hamda Shimoliy Koreya banklarining mulkka egalik qilish bo‘yicha qisman ishtirokini to‘xtatish, shuningdek, KXDR banklari bilan har qanday korrespondentlik aloqalariga barham berish kabi bandlar mavjud.

Bundan tashqari, farmon loyihasiga ko‘ra, Shimoliy Koreya hukumati yoinki Pxenyan yadro va ballistik raketa dasturiga aloqador shaxs va tashkilotlarning bevosita yoki bilvosita mulki hisoblangan aktivlari va iqtisodiy zaxiralarini muzlatib qo‘yish taklifi ham ilgari surilgan. 

Shu bilan birga Rossiya tomoni Shimoliy Koreya bilan tovaraylanmasini 2020 yilda 1 mlrd dollargacha yetkazishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid