Jamiyat | 18:46 / 02.07.2016
13041
3 daqiqa o‘qiladi

Hollandiyalik dizayner ajoyib havo tozalovchi minoralarni barpo etdi

Kim ham toza, beg‘ubor havodan nafas olishni istmaydi deysiz, ammo bugungi kunda bu aksar shahar va davlatlarning muammosiga aylanib ulgurgan deyish, mubolag‘a bo‘lmaydi. Berklidagi Kaliforniya universiteti olimlarining o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Xitoyda kuniga zaharli tutundan 4 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi. AQShda ham bu borada hammasi ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Mamlakat aholisining qariyb yarmi, unchalik qulay bo‘lmagan sharoitlarda istiqomat qiladi va iflos havodan nafas oladi. Rossiya va Yevropaning ko‘plab davlatlarida ham vaziyat ayanchli. Rossiya shaharlarining 50 foizdan ko‘prog‘ida yashovchilar ham toza havo tanqisligidan aziyat chekadi. 

Hollandiyalik dizayner Daan Roozegarde ishlab chiqqan 7 metrlik havo tozalagich, ifloslangan havodan nafas oluvchilarning joniga aro kirdi, deyish mumkin. Smog Free Tower - tutundan xoli minora, guyoki changyutgich kabi iflos havoni tortib olib, yoriqlari orasidan tozalangan, filtrlangan havoni chiqaradi. Minora soatiga 30 000 kub metr havoni tozalay oladi. U buning uchun 1,5 kVt energiya ishlatadi. E'tiborli jihati, bu energiyani ham qurilmaning o‘zi ishlab chiqadi. 

Loyihani hayotga tatbiq etish uchun 3 yil sarflagan dizayner, endilikda Xitoy hukumati bilan muzokaralar olib bormoqda. U, so‘nggi vaqtlarda zaharli tutunlardan ifloslangan Xitoy shaharlarida o‘z g‘oyasini amalga oshirishni rejalashtirayapti. 

Ehtimol, bu minoralar dastlab parklarga o‘rnatiladi. Ular tashqi ko‘rinishi bilan ham parkka o‘ziga xos jilo bag‘ishlashi shubhasiz. 

Minoradan chiqariladigan musbat ionlar havodagi inson uchun zararli changlarni o‘ziga biriktirib oladi, iflos havo tortilgach, u minora tagiga cho‘kadi. Texnologiya boshqa usullarda filtrlash imkonini bermaydigan mayda zarralarni ham tozalay oladi. 

Bu kabi minoralar amaliy foydadan tashqari xom-ashyo ham yetkazib bera oladi. Gap shundaki, minora ichida to‘plangan uglerodning mayda zarralaridan o‘ziga xos taqinchoqlar va tugmalar ishlab chiqish mumkin.

Mavzuga oid