Jahon | 20:14 / 10.08.2016
16588
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiya FXX aybloviga javob qaytardi

Ukraina razvedkasi vakili Ukraina mudofaa vazirligiga qarashli maxsus bo‘linmalar diversion guruhlari Qrimga bostirib kirgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatdi.

«Bu mutlaqo yolg‘on axborot», — degan u.

O‘z navbatida Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari maslahatchisi Yuriy Tandit «Interfaks-Ukraina» agentligiga bergan intervyusida bu so‘zlarni takrorlagan.

«Ukraina o‘z hududini qaytarib olish uchun o‘z harbiylarini jo‘natmagan. Bundan keyin ham o‘z hududini bosib olish uchun kuch ishlatmaydi», — deya qayd etgan u.

Bundan oldinroq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Qrim Respublikasi hududida Ukraina mudofaa vazirligining Razvedka bosh boshqarmasi tomonidan tayyorlangan terrorchilik aktlarining oldi olinganini ma'lum qilgani haqida xabar berilgandi.

Xabarnomada ta'kidlanishicha, o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 7 avgustga o‘tar kechasi Armyansk shahri yaqinida diversantlar guruhi aniqlandi. Maxsus amaliyot vaqtida rossiyalik bir harbiy halok bo‘lgan. Shuningdek, Qrim yarim orolida o‘rnashgan Ukrainaga sodiq agentlik tarmog‘i yo‘q qilindi.

8 avgustga o‘tar kechasi esa Ukraina Mudofaa vazirligiga qarashli maxsus topshiriqli bo‘linmalarining yana 2 diversion guruhi yarim orolga yorib kirishga uringani, bu urinish Rossiya maxsus kuchlari tomonidan bartaraf etilgani aytildi. Bu to‘qnashuvda ham rossiyalik bir harbiy halok bo‘lgan.

Terrorchilik harakatlarini tayyorlashda diversantlarga yordam berishda gumon qilingan Ukraina va Rossiya fuqarolari qo‘lga olingan. Ular tergovda ayblovga iqror bo‘lib, ko‘rsatma berishgan.