Jamiyat | 09:16 / 12.08.2016
8752
2 daqiqa o‘qiladi

2030 yilga kelib 50 davlatda pensionerlar soni yoshlarnikidan oshishi mumkin

Mustaqil mutaxassis Jozef Cheymi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot 30 dan ko‘proq davlatga "keksalik inqirozi" xavf solayotganini ko‘rsatdi. Hozirdayoq Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Kanada kabi davlatlarda keksa yoshdagilar soni yoshlar sonidan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Bu muammo bilan birinchi bo‘lib 1995 yilda Italiya to‘qnash keldi. Tadqiqotda prognoz qilinishicha, 2020 yilda "keksayotgan davlatlar klubiga" Ukraina, Estoniya, Latviya va Kuba qo‘shiladi. 2030 yilga kelib Rossiya, Armaniston va Xitoyda keksa yoshdagilar soni yoshlar sonidan ko‘proqni tashkil qiladi.  

Mutaxassisning ma'lumotlariga ko‘ra, 2075 yilga kelib sayyoramizda 10 mlrdga yaqin odam bo‘ladi va ulardan ko‘pchiligini keksa yoshdagilar tashkil qiladi: 65 yoshdan katta odamlar soni bolalarnikidan ko‘proq bo‘ladi.  

21-asrda "keksayish" xavf solmaydigan yagona qit'a – Afrika bo‘ladi. 2100 yilga kelib bu yerda har 2 keksa odamga 3 nafar yosh bola, Nigeriya va Somalida esa har bir keksa odamga 2 nafardan ko‘proq yosh bola to‘g‘ri keladi.