O‘zbekiston | 14:06 / 29.08.2016
100203
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalqi prezidentga salomatlik tilamoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mamlakat prezidenti Islom Karimov statsionar davolanishda ekanini ma'lum qilganidan keyin xalq o‘z yurtboshiga sog‘liq tilab, duo qilmoqda.

Shuningdek, san'atkorlar va sportchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali prezidentga sog‘lik tilamoqda va vaziyat haqida yolg‘on ma'lumotlar tarqatayotgan xorij nashrlariga ishonmaslikka chaqirmoqda.

Xususan, Rio Olimpiadasida sovrindor bo‘lib qaytgan bokschilar qo‘shiqchi Jahongir Poziljonov bilan birgalikda videomurojaat yo‘llashgan.

Bundan tashqari, xabarlar ostida fikr qoldirayotgan barcha internet foydalanuvchilari prezidentni qo‘llab-quvvatlab, unga sog‘lik-salomatlik so‘ramoqda.

"Oilamiz duoda, xalqimiz duoda. Alloh yurtboshimizga shifoyi komil ato etib bizga bosh bo‘lib, birgalikda dunyoning eng rivojlangan qatoriga kirgizishga nasib aylasin ilohim. Hali bizni yanada buyuk marralarimiz sari boshlab borishadi inshaolloh!!!", deydi feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri.

"Umrlari uzoq bo‘lsin. Hammasi yaxshi bo‘ladi, Xudo xohlasa. Duodamiz", deya yozgan tvitter foydalanuvchisi.

"O‘zbekistonimiz va xalqimiz uchun qadrdon inson faqat sog‘-omon yurishlarini istaymiz. Nasib etsa, 100 yoshga yetganlarida ham ko‘ksimiz tog‘day bo‘lib faxrlanib yuraylik. Mana shunday dorilomon kunlarga yetish uchun yurtboshimiz tunlarni bedor o‘tkazib, biz uchun, millat taqdiri uchun tinim bilmasdan qilgan mehnatlarini tarix ham, avlodlar ham unutmaydi. U kishini Istiqlolimizning 25 yilligi bilan oilamiz nomidan qutlab, faqat tezroq tuzalib ketishlarini istab qolamiz!", deya fikr qoldirilgan xabarlardan biriga.

"Ilohim, prezidentimiz mingga kirsinlar, u kishiga sog‘lik, kuch-quvvat tilaymiz!", — deb yozadi boshqa bir foydalanuvchi.

O‘zbekistonliklar prezidentning salomatligi haqida xabarni intiqlik bilan kutmoqda.

Mavzuga oid