Jahon | 16:37 / 18.10.2016
7310
2 daqiqa o‘qiladi

Turk razvedkasi yirik shaharlarda terakt xavfidan ogohlantirdi

Foto: Unian

Turkiya milliy razvedka tashkiloti (MRT) IShIDning 5 yirik shaharda tayyorlanayotgan yirik teraktlari haqida ma'lumotga ega bo‘ldi. Cumhuriyet gazetasida shu haqida ma'lumot berildi.

Manbaga ko‘ra, Milliy razvedka tashkiloti Xavfsizlik bosh idorasini terakt xavfidan ogohlantirgan. U esa, o‘z navbatida, barcha hududiy bo‘limlariga "shoshilinch" belgisi bilan murojaat yo‘llagan. Razvedka ma'lumotlariga ko‘ra, teraktlar Istanbul, Anqara, Antaliya, Izmir va Gaziantep shaharlarida amalga oshirilishi mumkin. 

Ta'kidlanishicha, IShID transport, metro, avtobuslar, vokzallar, paromlarda hujum uyushtirishi mumkin. Bundan tashqari, aviatransport xodimlari ham terakt xavfidan ogohlantirildi. Manbaga ko‘ra, IShIDning Istanbuldagi hujumlari nishonlaridan biri - joriy yilning dekabrida Turkiya oliy rahbariyati ishtirokida ochiladigan Bosfor ostidagi avtotunnel - "Yevroosiyo tunneli" bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yakshanba kuni Gaziantepda shahardagi IShID o‘choqlariga qarshi politsiya reydlari bo‘lib o‘tdi. Buning natijasida bir xudkush qo‘lga olindi, yana biri o‘zini portlatib yubordi hamda 3 nafar politsiya xodimining o‘limiga sababchi bo‘ldi. 

Dushanba kuni Anqara gubernatorligi poytaxtda noyabr oyi oxiriga qadar barcha ommaviy tadbirlarning bekor qilinishi haqida e'lon qildi. 

Mavzuga oid