O‘zbekiston | 20:20 / 28.10.2016
6621
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda saylovoldi tashviqotlariga start berildi

Foto: Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun videkonferentsaloqa shaklida brifing o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov tadbir ishtirokchilarini Markaziy saylov komissiyasi qarorlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning borishi haqida xabardor qildi.

Avval ma'lum qilinganidek, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga oldi. «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunning 28-moddasiga asosan, saylovoldi tashviqoti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatga olingan kundan boshlanadi.

Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda teng foydalanish huquqi beriladi va ta'minlanadi.

Xususan, siyosiy partiyalardan kelib tushgan taklif va istaklarini inobatga olib, har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» va «Yoshlar» tele -va radiokanallarida 638 daqiqadan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 ta hududiy telekanallarida 206 daqiqa, «Toshkent» teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratiladi.

«Xalq so‘zi», «Narodnoye slovo» va «Pravda Vostoka» gazetalarida 6 sahifadan, «Nurli jol» va «Ovozi tojik» gazetalarida 5 sahifadan iborat nashr maydoni bepul beriladi. Bundan tashqari, hududlardagi 30 ta mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilinadi.

Shuningdek, nomzodlarning har biri respublika bo‘yicha 642 tadan tashqi reklama vositasi, ya'ni, maxsus konstruksiyalar, ekranlar, billbordlardan o‘z dasturiy g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilishda foydalanadi. Shuningdek, respublikaning 36 ta elektron monitorida ham nomzodlarning tashviqot roliklari bepul joylashtirish imkoniyati yaratiladi.

Saylov tajribasida birinchi marta «Ovozi tojik», «Nurli jol» gazetalari nashr maydonlaridan ham nomzodlar tashviqoti uchun foydalanishga qaror qilindi. Bu mamlakatda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining nomzodlar saylovoldi dasturlari qoidalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Saylovoldi tashviqoti davrida teng shart-sharoitlar yaratish tamoyili partiya nashrlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ular tegishli materiallarni istalgan hajmda chop etishlari mumkin.

Brifingda saylov kampaniyasining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, OAVning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli axborotlardan foydalanishi uchun barcha sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilayotganligi ta'kidlandi. Hozirga qadar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mahalliy va xorijiy OAVning 500 dan ortiq vakili, okrug saylov komissiyalari tomonidan qariyb 560 nafar mahalliy jurnalist akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Mavzuga oid