Fan-texnika | 18:20 / 14.11.2016
6235
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung dunyoga mashhur avtomobil audiotizimlari ishlab chiqaruvchisini xarid qilmoqda

Foto: Reuters

Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi Amerikaning avtomobil audiotizimlari ishlab chiqaruvchi Harman International Industries Inc. kompaniyasini 8 mlrd dollar evaziga xarid qilayotganini e'lon qildi. Bu haqda, Samsung kompaniyasining rasmiy veb sahifasida ma'lum qilingan.

Ta'kidlanishicha, Samsung shu bilan faol rivojlanib borayotgan avtomobil elektronikasi bozorining ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Ushbu bozor hajmi 2025 yilga kelib 100 mlrd dollarga yetishi taxmin qilinmoqda. 

"Harman texnologiyalar, mahsulotlar va qarorlar nuqtainazaridan Samsung kompaniyasini to‘ldiradi. Birlashma, ma'lum bir vaqtdan beri davom etib kelayotgan  avtomobil strategiyamizning uzviy davomi bo‘ladi", - degan Samsung Electronics vitse-prezidenti va bosh ijrochi direktori Kvon O Xyon.

O‘z navbatida, Harman kompaniyasining prezidenti va bosh ijrochi direktori Dinesh Palivalning qayd etishicha, mazkur bitim kompaniya aksiyadorlari uchun sezilarli qiymatga va xodimlar uchun yangi imkoniyatlarga ega. Uning so‘zlariga ko‘ra,  Samsung bilan hamkorlik bozorning ushbu sohasida innovatsiyalarni joriy qilishda qo‘l keladi. 

2016 yil 30 iyuniga oid ma'lumotga ko‘ra, Harman kompaniyasining buyurtmalar paketi 24 mlrd dollarga baholangan. 

Reuters agentligining qayd etishicha, ushbu xarid Samsung korporatsiyasining xorijdagi eng yirik bitimidir. 


 

Mavzuga oid