Jahon | 22:38 / 20.11.2016
4936
2 daqiqa o‘qiladi

Gaitida prezidentlik va parlament saylovlari boshlandi

Dunyoning eng nochor davlatlaridan biri bo‘lgan Gaitida 20 noyabrda prezidentlik va parlament saylovlari boshlandi.

Telesur kanalining ma'lum qilishicha, saylov uchastkalari 6 mln gaitilik saylovlarda ishtirok etishi uchun erta tongdan butun mamlakat bo‘ylab ochilgan. 

Bundan avval Gaiti hukumati 19 noyabr kechki paytdan boshlab 20 noyabr butun kun saylovlar tugaguncha Dominikan respublikasi bilan chegaralar yopilishini e'lon qilgan. Bu saylov jarayoni xavfsizligini ta'minlash va nazorat qilish maqsadida amalga oshirilgan.  

Hammasi bo‘lib prezident lavozimiga 27 kishi da'vogarlik qilmoqda. Saylovlarda g‘alaba qilishga Taraqqiyot va Gaiti emansipatsiyasi uchun muqobil liga nomzodi Jyud Selestan, "Tet Kale" partiyasidan Jovenel Moiz, "Pitit Dessalan" siyosiy platformasidan Jan-Sharl Moiz va "Fanmi lavalyas" partiyasidan Mariz Narsiss asosiy da'vogarlar deb e'tirof etilmoqda.

Gaitida 2015 yil oktabrda saylovlarning 1-turi bo‘lib o‘tgandi, biroq natijalar saylovoldi kurashining nopok usullaridan foydalanganlik va xavfsizlik nuqtai nazaridan bekor qilingandi. Yangi saylovlar joriy yilning 9 oktabriga belgilangandi, biroq mamlakatga yopirilgan "Metyu" bo‘roni sababli kechroq muddatga qoldirilgandi.

Agar nomzodlardan hech kim 50 foiz va yana bitta ovoz to‘play olmasa, 2017 yil 29 yanvarda navbatdagi tur bo‘lib o‘tadi.

 

Mavzuga oid