Fan-texnika | 16:17 / 02.12.2016
4203
2 daqiqa o‘qiladi

Twitter Yes! startapini xarid qildi 

Twitter mikrobloglar ijtimoiy tarmog‘i Yes! startapini xarid qilib, uning rahbari Kit Koulmanni Twitter vitse-prezidenti etib tayinladi, deb yozmoqda Recode. Mobil ilovalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan startap boshlig‘i Kit Koulman kompaniyaning asosiy mahsulotlarini rivojlantirishga mas'ul hisoblanadi, deb qayd etgan nashr. 

Twitter asosiy mahsulotini boshqarish Kremniy vodiysidagi eng murakkab vazifalardan biri hisoblanadi. Chunki kompaniya ancha vaqtdan beri foydalanuvchilar sonini oshirishni uddalay olmayapti. «Ko‘pchilikning fikricha, Twitter foydalanish uchun murakkab, bu ayniqsa yangi a'zolar uchun yaqqol namoyon bo‘ladi», — deb yozadi nashr. 

Yes! bilan amalga oshirilgan bitim tafsilotlari e'lon qilinmayapti. Kompaniya shu paytga qadar ikkita ilova ishlab chiqqan: foydalanuvchilar holatini bildiruvchi wyd xizmati hamda do‘stlar bilan uchrashuvlarni rejalashtirishga mo‘ljallangan Frenzy ilovasidir. Twitter bilan bitim yakunlangach, ikkala ilova ham yopilishi aytilmoqda. 

TechCrunch nashrining qayd etishicha, Twitter mahsulotlari bo‘yicha yangi rahbari bu xizmatdan juda kam foydalangan. Koulman 2007 yilda akkauntini ochgan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 146 marta tvit qilgan. 

Mavzuga oid