Jahon | 16:19 / 19.12.2016
13193
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQSh harakatlari mamlakat suverenitetiga xavf solayotganini ma'lum qildi

Foto: AP

AQShning Janubi-Xitoy dengizidagi qidiruv va tadqiqot ishlari Xitoy Xalq Respublikasi suvereniteti va xavfsizligiga rahna soladi. Bu holat Xitoydan uncha uzoq bo‘lmagan suvlarda yuz bergan hodisa bilan bog‘liq, deb ma'lum qildi XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin dushanba kuni tashkil etilgan brifingda.

Pentagon ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy 15 dekabr kuni Subik-Bey bazasidan shimoli-g‘arbda AQShga tegishli bo‘lgan suvosti dronini egallab olgan. U Janubi-Xitoy dengizi xalqaro suvlariga yo‘l olayotgan bo‘lgan. Amerikalik harbiylarning ta'kidlashicha, uskuna xalqaro normalarga asosan suvosti ishlarini olib bordi. XXR Mudofaa vazirligi esa noma'lum qurilma “bu yerdan o‘tib ketayotgan kema va undagi kishilarga xavf tug‘dirmasligi uchun” qo‘lga olinganini ma'lum qilgan. XXR hukumati keyinchalik dron AQShga qaytarib berilishini xabar berdi.

"Amerika kemalari Xitoyga yaqin bo‘lgan suvlarda qidiruv maqsadida harakatlanib, turli tadqiqotlarni olib boradi. Biz bunga qarshimiz. Bizning taxminimizcha, bu Xitoy suvereniteti va xavfsizligiga rahna soladi", - degan Xua Chunin.

Avvalroq, mudofaa vazirligi AQShdan Xitoy dengiz akvatoriyasida qidiruv va topografik suratga olish ishlarini to‘xtatishni talab qilgandi. Mahkamada qo‘shimcha qilinishicha, Xitoy Amerika tomonining harakatlarini katta sinchkovlik bilan kuzatib boradi hamda kerak bo‘lganda javob choralarini qabul qiladi.

Mavzuga oid