Tejamkor kishi xasis, saxiy esa isrofchi bo‘lmasin...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 28 oktabrdagi “To‘y-hashamlarni, ma'raka va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi tarixiy Farmoni yil o‘tgan sari o‘z ahamiyatini yanada to‘laroq namoyon etmoqda. Unda, jumladan, oilaviy tantanalarni o‘tkazishdagi shuhratprastlikka yo‘l qo‘yilayotgani ro‘yi-rost bayon etilgan bo‘lib, Farmondagi fikrlar xalqimiz orzu-umidining ifodasi edi.
Topilgan mablag‘ni isrof etmaslik ayollar zimmasida ekanligini bayon etuvchi bir rivoyatni keltirib o‘tsak:
Avvalgi zamonlarda yashagan oila rahbari bo‘lgan er ming mashaqqat bilan tog‘dan o‘tin terib kelar ekan, xotini o‘tinlarni bir zumda qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatib yuborar ekan. Eri xotinining bu hunariga chiday olmabdi. Bir safar o‘tin yig‘ish uchun xotinini ham olib boribdi. Bir amallab ikki bog‘ o‘tin to‘plashibdi. Ortmoqlab qishloqqa kelishibdi. Ayol mashaqqatdan qaro terga botibdi. Rosa charchabdi. O‘tin terib keltirish qanchalik mushkul ekanini shundagina anglabdi. Ertasi kuni qo‘shnilar yana o‘tin so‘rab kelishganda ayol: “Ey qo‘shnilar o‘zim terib kelgan o‘tindan bitta ham bera olmayman, o‘tin kerak bo‘lsa men kabi o‘zlaring terib kelinglar”, - debdi.
Qissadan hissa shuki, inson molini har doim bir manfaat yo‘lida sarflashni o‘z ruhida shakillantirishi lozim. Foyda keltirmasa, yo‘qolganday his qilish ham yuksak insoniylik hisoblanadi. Ba'zi kishilar ro‘zg‘orni juda ustalik bilan boshqaradilar. Tejamkorlik ularning tabiatiga hush yoqadi. Bu oliy tabiat uchun uydagi ayol ham tejamkor bo‘lishi, isrofdan saqlanishi, shunda oilaning rivojiga sabab bo‘ladi. Chunki ishlab topish erning zimmasida bo‘lsa, isrof qilmasdan sarf etish xotinning zimmasidadir. Shu qoidadan kelib chiqib, yaxshi uy bekasi bo‘lish uchun ayol kishi quyidagilarga diqqat qilishi lozim bo‘ladi:
- Sabzavot-mevalarning aynishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- Ovqatlarni iste'molga yaroqsizlanib qolishidan saqlash;
- Ovqatlarni lazzatli qilishga harakat qilish.
Qotgan nonlarni ham iste'mol qilishni ta'minlash, ortganini chiqitga tashlab yuborishdan saqlanish, balki uni oilada pazandalik yo‘llari bilan pishirib iste'mol qilishga odatlantirish ayol zimmasidagi burchdir. Zero Hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz (s.a.v) “Nonni ehtirom qilinglar”, - deb ta'lim berdilar.
Oilani kiyintirishda ham oila jamg‘armasiga qarab, isrofga yo‘l qo‘ymay kiyinishni ta'minlash. Hozirgi kunda ko‘proq yangi chiqqan urf (moda)ning izidan quvishga yoshlar qiziqishi ziyodaligi sir emas. Aslida, kiyim sovuq-issiqdan saqlashi, kibr, manmanlikdan uzoq bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bunga onaning tarixiy hikoyasini keltirishimiz mumkin.
Adab kitoblarida keltirilishicha aqlda va zakovatda zarbulmasal bo‘lgan Umoma ismli ayol qiziga oilani mablag‘ mag‘zini barpo qiluvchi bir necha purhikmat so‘zlardan namuna keltirsak:
Nasihatlarni birida: “Qanoatli bo‘l, chunki qanoat qalbga huzur bag‘ishlaydi”, deyiladi.
Ona bu bilan o‘z qiziga ochko‘zlik, manmanlik, kibru havoni to‘suvchi so‘z bilan oila boy bo‘lganda ham, kamchilik bo‘lganda ham qanoat bilan sarf qilishni o‘rgatmoqda. Er boy bo‘lsa, bor narsani isrof qilmaslikka qanoat qilishlikni aytayotgan bo‘lsa, yo‘qchilikda boriga qanoat qilishlikni tavsiya qilmoqda. Chunki qanoat – inson muhtoj narsalarning yetarli miqdoriga rozi bo‘lishi, ochko‘zlik qilmasligi, qanoat – nafaqat eru xotinga, balki barchaga barobar taalluqli go‘zal axloqli qoida ekanligi hamma zamonda e'tirof etilgan.
Hadisi sharifda aytiladiki: “Nafsning ko‘zi to‘ymaydi. Bir chelak oltini bor kishi, oh, yana shunday bir chelak oltinim bo‘lsaydi deydi”.
Qanoatning ikkinchi sharti esa, qo‘ldagi ne'matlarni rejali sarflash, isrofdan qattiq tiyilishlikni talab qiladi. Hayotda tadbirli kimsalar farzandlarining tasarrufi uchun boshqalarga qaram bo‘lmaydi, birovlar uchun xushomadgo‘ylik qilmaydi, yolg‘on gapirmaydi, xirs va tama' balosiga duchor bo‘lmaydi. Shuning uchun ham tejamkor bo‘lishga intilish kerak. Bu haqda hadisi sharifda: “Tejamkor bo‘lgan kishi faqir bo‘lmaydi”, deyilgan.
Xalqimiz iborasi bilan aytadigan bo‘lsak, agar ko‘rpaga qarab oyoq uzatilmasa, kerakli-keraksiz narsalarga pul sarflanaversa, isrof va xarajat eshigi kattalashib boraveradi. Isrofgarchilik bor yerda hech qachon boylik bo‘lmaydi.
Hazrati Abu Bakr Siddiq (r.a): “Bir necha kunga yetishi mumkin bo‘lgan ozuqani bir kunda sarflagan oila ahlidan nafratlanaman”, degan ekanlar.
Hukamolardan birining aytishicha:
“Pulingga achin, uni isrof qilma, zero qo‘zning quvvati qorachiq bilan bo‘lganiday, insonning hayotiy quvvati mablag‘ bilandir”, deb tejamkor bo‘lishni go‘zal shaklda tavsiya qilgan ekan.
Faqat shuni ham qo‘shimcha qilishimiz kerak-ki, tejamkor bo‘lman deb keragicha yeb-ichishdan qisilib, mablag‘ to‘plash yo‘liga kirib ketish maqsadga muvofiq emas, bu xasislik deyiladi. Xasislikka emas, balki mo‘tadil bo‘lishlikka chaqirib, o‘z nafsini baxillikdan saqlovchi kishilarni najot topuvchilar, deb nomlagan. Demak oyati karima mazmuni oilani isrofsiz sarf qilishlikka, oilani nasibasini qirqmaslikka chaqirmoqda.
Oilada topilgan mablag‘ni isrofsiz tadbir bilan sarflashlik haqida tobe'inlardan Xasan Basriy:
“Go‘zal tadbir va go‘zal idora yarim foydadir. O‘z o‘rniga ishlatilgan ozgina pul, isrof qilib ishlatilgan ko‘p pulga qaraganda foydalidir”, degan ekanlar.
Dunyoda mashhur hakim Aflotun:
“Pulni tadbir bilan isrof qilmasdan xarjlash aqllilikning boshidir”, deb mablag‘ni isrofsiz sarf qilishga targ‘ib qilgan ekan.
Abdulhay TURSUNOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili