Jahon | 21:02 / 14.03.2017
26212
4 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston tabiiy gaziga xaridor qidirmoqda

Turkmanistonning Xitoyga qo‘shimcha tabiiy gaz yetkazib berish yo‘li bilan mustaqillik yillaridagi eng kuchli iqtisodiy inqirozga barham berish borasidagi orzulari ushalmay qoladigan ko‘rinadi. Gap shundaki, shu kunlarda Turkmanistondan XXRga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha to‘rtinchi gaz quvurini qurmaslikka qaror qilindi. Oilprice.com saytida shu haqda tahliliy maqola chop etildi.

Taxminlarga ko‘ra, D quvuri orqali Xitoyga har yili 30 mlrd kub metr gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda, Turkmanistondan O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Xitoyga cho‘zilgan uchta gaz (A, B, C) quvurida mahsulot yetkazib berilmoqda. 

2016 yil oxirida Xitoy to‘rtinchi gaz quvuriga qiziqishini yo‘qotgan. Biroq, rasman yangi gaz quvuri qurilishini Pekin emas, balki O‘zbekiston yopdi. 2017 yil 2 mart kuni RIA Novosti agentligi xabar qilganidek, China National Petroleum Corporation va “O‘zbekneftegaz” D gaz quvuri qurilishini noma'lum muddatga qoldirdi. 

Bu loyihaning bekor qilinishi 25 yilda eng kuchli iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan Turkmaniston uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Respublika iqtisodiyotining gaz eksportiga o‘ta bog‘liqligi ushbu holatni izohlaydi. Inqirozning kuchayishiga Rossiyaning turkman gazini xarid qilishdan voz kechgani hamda Eronning shu yil boshidan shartnoma bandlari bo‘yicha kelisha olmagani sabab gaz olishni to‘xtatgani sabab bo‘ldi. 

Xitoy Turkmanistonga ming kub gaz uchun 185 dollardan to‘laydi, Ashxobodning o‘tgan yili Xitoyga 30 mlrd kub metr gaz sotgani inobatga olinsa, yaxshigina daromad ko‘rilgandek ko‘rinadi. Biroq, vaziyatni Xitoydan olingan ulkan gaz kreditlari buzmoqda. Tabiiy gazning bir qismi gaz konlarini o‘zlashtirish uchun olingan kreditlar evaziga yetkazib berilmoqda. 

Albatta, mamlakat rahbari Gurbanguli Berdimuhammedov ulkan gaz loyihalari haqida, ularning mamlakatni yanada boyitishi haqida ko‘p gapiradi. Masalan, Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPI) gaz quvuri shular jumlasidan. Bu loyiha amalga oshgudek bo‘lsa, Ashxobod yiliga 33 mlrd kub metr gazni mijozlariga yetkazib berishi mumkin. Turkmaniston rahbariyati o‘z hududidagi gaz quvurlarini qurishni boshlagani haqida ma'lum qilgan bo‘lsa, Pokiston ham shu oyning boshidan qurilishga start berdi. Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Turkmanistondan Pokistonga boruvchi gaz quvurining 700 kilometri Afg‘oniston hukumati va Tolibon harakati o‘rtasida ayovsiz janglar davom etayotgan hududlardan o‘tishi kerak. 

Prezident Berdimuhammedov 2019 yildan TAPI quvuri bo‘ylab gaz yetkazib berilishini aytayotgan bo‘lsa, Islomobod 2017 yil yanvarida bu taxminni rad etib, gaz quvuri kamida bir yil kechroq foydalanishga topshirilishini ma'lum qildi. 

Turkmaniston gazini sotish bilan bog‘liq yana bir mega loyiha – Transkaspiy gaz quvuri haqida hech kim eslamay ham qo‘ydi. U 30 mlrd kub metr Turkmanistonda qazib olingan gazni Yevropaga yetkazishi lozim edi. 

Oil Price, shuningdek, Ashxobodning yana bir muhim xaridorini yo‘qotganini taxmin qilmoqda. Qish tugadi, Tehron bu yil turkman gazisiz qishni o‘tkazdi. Shunga ko‘ra, kelasi qish mavsumini ham Eron qo‘shnisidan gaz xarid qilmasdan o‘tkazishi ehtimoldan xoli emas. 

Shunday ekan, hozirda, Turkmaniston yiliga 35 mlrd kub metr gaz (bir qismi kreditni yopish evaziga) yetkazib berish orqali yagona xaridor Xitoy bilan qolmoqda. Yaqin istiqbolda yirik gaz loyihalarini amalga oshirish ham ko‘zga tashlanmayapti.

Mavzuga oid