Jamiyat | 12:47 / 22.05.2017
10292
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Navoiy aholisi bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

16-21 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi a'zolari Buxoro va Navoiy viloyatlari aholisi bilan ochiq muloqot tarzida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda vazirliklar, shahar va tuman hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar, sud organlari rahbarlari hamda boshqa tegishli boshqarma va tashkilotlardan 200 ga yaqin mutasaddilar ishtirok etdi.

Tadbirlarda ta'kidlanganidek, bugungi kunga kelib  Buxoro hamda Navoiy viloyatlarida istiqomat qiluvchi aholidan jami 64 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Xususan, Buxoro viloyatidan – 35 ming, Navoiy viloyatidan esa – 29 ming.  

Mazkur viloyatlardan kelgan murojaatlarning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish (14,4 foiz), mehnat va bandlik (10,4), moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish (8,3), sud qarorlarining ijro etilishi (5,3), bank-moliya va soliqqa tortish (5,9), sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlar ko‘rilishi (7,5), ta'lim sohasiga oid (3,2), elektr ta'minoti masalasi, shu jumladan elektr energiyasining o‘chirilishi va asossiz qarzdorlik hisoblanishi (1,8) kabi sohalarga oiddir.

Shu bilan birga, tadbirda ta'kidlanganidek, mazkur viloyat hokimliklari mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik hamda muallifga javob bermaslik, sifatsiz o‘rganish kabi holatlarga tizimli ravishda yo‘l qo‘yib kelish amaliyoti davom etayotganligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, viloyat hokimliklarida murojaatlar bilan ishlash tizimini to‘g‘ri tashkil etmaslik, murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilish ishlariga malakali kadrlarni jalb etmaslik hamda tahlil ishlarini yo‘lga qo‘yilmaslik oqibatida Buxoro viloyatida jami 1000 ga yaqin, Naoviy viloyatida 300dan ziyod muddati o‘tgan murojaat mavjud. 

Sayyor qabullar davomida Buxoro hamda Navoiy viloyatlari aholisining 900 dan ziyod murojaatlari joyida ko‘rib chiqilib, 75 foizga yaqini ijobiy hal etildi. 

Uchrashuvlar yakunida ko‘rib chiqilgan barcha murojaatlar bo‘yicha viloyat va tuman darajasidagi mutasaddi idora hamda tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid