O‘zbekiston | 08:08 / 30.06.2017
15829
5 daqiqa o‘qiladi

Texnika universitetining Termiz filiali nega tashkil etilmoqda?

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Respublikada kadrlarni tayyorlash, ularning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga katta ahamiyat berilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarorida belgilangan vazifalarni o‘z muddatida to‘liq hajmda ijrosini ta'minlash maqsadida, shuningdek, Surxondaryo vohasida ishlab chiqarish, mavjud texnika va texnologiyalardan foydalanish, xizmat ko‘rsatishning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish, muhandislik ta'limi rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etishni yanada takomillashtirish va sifatini yaxshilash, talab qilingan xizmat ko‘rsatish sohasi yo‘nalishlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida qabul qilindi.

Bugungi kunga qadar Surxondaryo viloyatida yagona Termiz davlat universiteti faoliyat olib borgan bo‘lib, har yili abituriyentlardan eng ko‘p hujjat topshirish ushbu oliy ta'lim muassasasiga to‘g‘ri kelar edi. Bu yildan boshlab Surxondaryo viloyatida Termiz davlat universiteti bilan birgalikda yana ikkita oliy ta'lim muassasasining filiali talabalarni qabul qiladi. Ulardan biri Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialidir.

Qabul qilingan qarorga ko‘ra, quyidagilar Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining eng muhim vazifalari etib belgilangan:

transport tizimlari va yo‘llari hamda ularning ekspluatatsiyasi, kimyoviy texnologiya, bino va inshootlar qurilishi va materiallari, oziq-ovqat texnologiyasi, texnologik mashina va jihozlar, yengil sanoat texnologiyasi, ekologiya va sanoat xavfsizligi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta'minlash;

iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni sinab ko‘rish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;

xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining tajribasini va mamlakat iqtisodiyoti talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli muhandislik-texnik va ishlab chiqarish yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklar bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;

qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-ta'lim jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb etish maqsadida texnika sohasidagi yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga har yilgi talabalarni qabul qilish yo‘nalishlari va qabul kvotasi vohaning oliy ma'lumotli muhandis-texnik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Qaror bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tashkil etish, uning moddiy-texnik va ilmiy-pedagogik bazasini ta'minlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Shuningdek, mazkur Dasturga muvofiq 2017 yil 1 sentabrgacha Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta'minlash choralari belgilandi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining takliflariga ko‘ra Termiz shahri, Sulton Saodat ko‘chasi, 288 “a”-uyda joylashgan Termiz davlat universiteti qoshidagi Termiz akademik litseyining binolari va inshootlari hududlari bilan Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga foydalanishga berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, mamlakatimiz hududlarining izchil rivojlanib borayotgan iqtisodiyotini yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash, barcha soha va tarmoqlarni strategik jihatdan kompleks rivojlantirish masalalarini hal qilish borasida oliy ta'lim tizimi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim amaliy qadam bo‘lib hisoblanadi.

Mavzuga oid