O‘zbekiston | 11:20 / 01.07.2017
44871
2 daqiqa o‘qiladi

30 iyun - O‘zbekistonda Yoshlar kuni deb e'lon qilindi

Foto: O‘zA

"Yurtimizda bayramlar ko‘p, lekin yoshlarga bag‘ishlangan alohida bayram yo‘q. Bugun shu masalani ham hal etadigan vaqt keldi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti "Kamolot" qurultoyida.

"O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun – 30 iyun sanasini mamlakatimizda Yoshlar kuni deb e'lon qilsak, qanday bo‘ladi?, - deya taklif bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

"Haqiqatan ham, biz, ota-onalar, ustoz va murabbiylar sizlarni, butun O‘zbekiston yoshlarini Vatanimiz, jamiyatimizning hal qiluvchi kuchi deb bilamiz va sizlar hamisha xalqimizning mana shunday yuksak ishonchiga munosib bo‘lasiz, deb ishonamiz.

Sizlarga yaxshi ma'lum, hozirgi vaqtda yurtimizda “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” degan shior keng tarqalib, hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Lekin O‘zbekistonimizning mana shunday yorug‘ va farovon istiqbolini bunyod etishdek mas'uliyatli vazifani kim o‘z zimmasiga oladi?

Albatta, faqat zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan siz, aziz yoshlarimiz maydonga dadil chiqib, bugungi kunda hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni hal etishga qodirsiz.

Mana shunday ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida, O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tom ma'noda mamlakatimizdagi barcha yoshlarning tayanchi va suyanchiga aylantirish yo‘lida sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, baxt va omad yor bo‘lishini tilab qolaman", - deya so‘zlariga yakun yasadi Prezident.

Mavzuga oid