O‘zbekiston | 08:52 / 28.08.2017
11214
3 daqiqa o‘qiladi

«Sharq taronalari» XI xalqaro musiqa festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Samarqand shahridagi «Registon plaza» mehmonxonasida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun «Sharq taronalari» XI xalqaro musiqa festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda «Sharq taronalari» XI Xalqaro musiqa festivali matbuot markazi xabar bermoqda.

Anjumanni festival matbuot markazi rahbari Safar Ostonov olib bordi.

Foto: Sharq.webmaster.uz

O‘zbekiston Madaniyat vaziri B.Sayfullayev, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari A.Umarov, Samarqand shahar hokimi F.Rahimov, «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali direksiyasi rahbari T.Xoliqov, festival doirasida o‘tkazilayotgan «Sharq xalqlari musiqa madaniyatida milliy an'analarning shakllanishi va rivojlanishi» mavzuidagi ilmiy-nazariy konferensiya rahbari R.Abdullayev va boshqalar bu yil o‘n birinchi bor o‘tkazilayotgan festivalning borishi, ishtirokchilarni kutib olish va ular ishtirokidagi madaniy dasturlar, ilmiy-nazariy konferensiya jarayonlari haqida ma'lumot berdi.

Ta'kidlandiki, bugungi kunda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali dunyo miqyosida o‘tkazilayotgan nufuzli san'at anjumaniga aylandi. Unda ishtirok etish istagida bo‘lgan san'atkorlar safi yil sayin kengayib bormoqda. Jumladan, bu yil dunyoning  60 ga yaqin mamlakatidan 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.

Foto: Sharq.webmaster.uz

25 avgust kuni festival ishtirokchilari va mehmonlari Samarqand xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.

25 avgust kuni kechki payt Registon maydonidagi asosiy sahnada festival ishtirokchilarining tanlov dasturi asosida chiqishlari boshlandi. Dastlabki kunda 9 davlat vakillari o‘z dasturlarini namoyish etdi. Boshqa guruhlar esa Samarqand shahridagi «Yoshlik» va «So‘g‘diyona» istirohat bog‘lari, Samarqand pedagogika kolleji amfiteatrida mahalliy san'atkorlar bilan birgalikda konsert dasturlarida qatnashdi.

Shuningdek, festival ishtirokchilari Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor maskanlar, ta'lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda.

26 avgust kuni «Registon plaza» mehmonxonasida festival doirasida «Sharq xalqlari musiqa madaniyatida milliy an'analarning shakllanishi va rivojlanishi» mavzuida konferensiya o‘z ishini boshladi. Unda 20 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan yetakchi musiqashunoslar, olimlar, madaniyat va san'at arboblari ishtirok etmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Mavzuga oid