O‘zbekiston | 17:20 / 26.10.2017
49464
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat» va GM yangi alyans tashkil etdi

«O‘zavtosanoat» AJ hamda GM kompaniyasi yangi «GM Uzbekistan Alyansi» tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu O‘zbekistonning o‘sib borayotgan avtomobil sanoatining talablariga javob beradigan yangi hamkorlik platformasi sanaladi. «O‘zavtosanoat» AJ hamda GM kompaniyasi «Chevrolet» va «Ravon» brendlari ostida savdoni rivojlantiradi, deb xabar beradi «GM Uzbekistan» QK jamoatchilik bilan ishlash xizmati.

«O‘zavtosanoat» AJ va GM kompaniyasi O‘zbekiston avtosanoati rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan yangi Alyans doirasida hamkorlikdagi faoliyatini amalga oshiradi. «GM O‘zbekiston Alyansi» mamlakatimiz avtosanoati mustaqil ravishda faoliyat yuritishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

«GM Uzbekistan Alyansi» doirasida «O‘zavtosanoat» AJ hamda GM kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobillar va dvigatellarini ishlab chiqarish, hamda ichki va tashqi bozorda «Chevrolet» va «Ravon» brendlari ostida avtomobil savdosi bo‘yicha hamkorlikni davom ettiradi.

2007 yildan buyon «O‘zavtosanoat» va GM kompaniyasining o‘zaro hamkorligi yurtimizda avtomobil ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshishini ta'minladi. Hamkorlik doirasida mahalliy yetkazib beruvchilar tarmog‘ini kengaytirish, mahalliy xodimlarning salohiyatini oshirish, ichki va tashqi bozorlardagi mijozlarga yuqori sifatli avtomobillar yetkazib berish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi.

«O‘zavtosanoat» AJ va GM kompaniyasi fikricha, munosabatlarning yangi shakliga o‘tish so‘nggi 10 yil davomidagi sohaning rivoji va uning salohiyati oshganligini aks ettiradi. O‘zaro munosabatlarning qo‘shma korxona shaklidan «GM Uzbekistan Alyansi» sifatida qayta tuzilishi O‘zbekiston milliy avtosanoati mustaqil ravishda faoliyat yuritishini ta'minlaydi.

Tomonlar yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha tasdiqlangan loyihalar ustida ishlashda davom etadi. «GM Uzbekistan Alyansi» doirasida tomonlar shuningdek MDH va yangi bozorlarda eksportni kengaytirish masalalarini o‘rganishadi.

Alyans GM kompaniyasining avtomobil texnologiyalari va nou-haularidan foydalanishni ta'minlaydi.

Alyans doirasida «O‘zavtosanoat» AJ avtomobil va dvigatellarni ishlab chiqarish bo‘yicha operatsion faoliyat, shu jumladan tashqi bozorda GM mahsulotlari uchun «Ravon» brendini dunyoga tanitish bo‘yicha nazoratni to‘liq o‘z zimmasiga oladi. «O‘zavtosanoat» AJ hamkorlikdagi faoliyat poydevori bo‘ladigan «Chevrolet» avtomobillarini ishlab chiqarish va mamlakatimiz ichki bozorida sotishni davom etadi, «Ravon» brendining tashqi bozorga yetkazib berish esa kengaytiriladi.

«Sohaning mustahkamlanayotganini inobatga olgan holda, hozir Alyansga o‘tishning ayni vaqti. GM kompaniyasi O‘zbekistonda qoladi va mamlakatdagi avtomobil sanoati rivojiga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi», — deydi GM Operations Uzbekistan rahbari janob Ektor Villyarreal.

Ikki tomon Alyansga o‘tish bandlik darajasiga yoki avtomobil va dvigatellar ishlab chiqarish hajmiga ta'sir qilmasligini tasdiqlaydi. GM kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil va dvigatellar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarni yetkazib berishni, hamda O‘zbekiston avtosanoatini konsultativ hamda texnik ko‘mak berishga yo‘naltirilgan yangi tashkil topayotgan GM Advisory Services kompaniyasi orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Mavzuga oid