O‘zbekiston | 14:30 / 16.11.2017
41525
3 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev: O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda

Foto: President.uz/Arxiv

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning ma'lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun birga bo‘lishlari lozim, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

"Barchamiz mustaqil davlat bo‘lganimizda, men Markaziy Osiyo iqtisodiy ittifoqini tashkil etish taklifi bilan chiqdim. U tashkil etildi, qandaydir muddat faoliyat ko‘rsatdi, keyin, mustaqillikni qo‘lga kiritib, har bir davlat o‘zining loyihasini oxirigacha yetkazishni xohladi hamda hamma o‘zining fikri bilan ish yuritdi. Bittasi siyosat darajasida qolib ketdi, boshqasi yanada chuqurlashdi, uchinchisida proteksionizm ko‘rinish berdi, to‘rtinchisida esa liberal iqtisodiyot bor edi. O‘shanda turli fikrlar bizga imkon bermagandi", - deya aytib o‘tdi Nursulton Nazarboyev.

"O‘ylashimcha, chorak asrlik vaqt o‘tgandan so‘ng hamma shuni anglab yetdiki, biz, bir tarix, din, madaniyatga ega bo‘lgan davlatlar birga bo‘lishimiz, bir-birimizga yordam berishimiz va mintaqa xavfsizligini birgalikda ta'minlashimiz lozim. Shu nuqtai nazardan men O‘zbekiston iqtisodiyotida ro‘y berayotgan katta o‘zgarishlarni kuzatib bormoqdaman. Bu ishning atigi bir yili ichida davlatlarimiz o‘rtasida chegaralar ochildi. Savdo 30 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda, kishilar bir-birining uyiga bormoqda, madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Men bunday ishni xursand bo‘lib kuzatmoqdaman hamda uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqdaman. Biz qayerda imkon bo‘lsa, hamma joyda yordam bermoqdamiz. Tojikiston, Turkmanistonda ham shu ro‘y bermoqda", - degan Nazarboyev.

Uning ta'kidlashicha, Markaziy Osiyo “birga bo‘lishga mahkum”.

"Qirg‘izistonda yaqinda saylovlar bo‘lib o‘tdi. Men kelajakka katta umid bilan qaramoqdaman. Kimgadir qarshi emasman, men davlatlarimiz farovonligi, xalqlarimiz osoyishtaligi tarafdoriman. Men bunga juda umid qilmoqdaman", - deya ta'kidlab o‘tgan Nazarboyev.

Mavzuga oid