O‘zbekiston | 14:21 / 13.01.2018
125815
3 daqiqa o‘qiladi

Nolegal yo‘lovchi tashish uchun patent joriy etilmaydi

Foto: KUN.UZ

Xizmat ko‘rsatish uchun individual shaxslarga patent berish tartibi tez orada joriy etilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov «Taraqqiyot strategiyasi» markazida​ shanba kuni tashkil etilgan press-brifingda ma'lum qilgan.

A. Haydarov Kun.uz muxbirining savoliga javob berarkan, «​2018 yilgi davlat byudjyeti parametrlari qayta tanqidiy»​ ko‘rib chiqilganini ta'kidlab o‘tdi.

«Mutaxassislar bilan kelishgan holda, 2018 yilgi davlat byudjyetida individual shaxslarni xizmat ko‘rsatish sohasidagi faoliyatini patentlash bo‘yicha xulosaga o‘zgartirish kiritildi», deydi Moliya vaziri o‘rinbosari.

Gap shundaki, individual shaxslarga (nolegal taksi haydovchilari) aholiga xizmat ko‘rsatgani uchun patent taqdim etish borasida ko‘plab tanqidlar paydo bo‘lgan. Xususan, mutaxassislar «ushbu vaziyatda shaxslarning (yo‘lovchi va haydovchi) hayoti xavf ostida qolishi, barcha masalalarga har tomonlama tizimli yondashuv» yo‘qligini e'tirof etgan.

Birinchi galda, shaharlararo qatnovchi nolegal taksi haydovchilar nazarda tutilgan bo‘lsa, bundan tashqari muayyan uyushmaga a'zo bo‘lmasdan, ish faoliyatini olib borayotgan taksi haydovchilari ham qisman nazarda tutiladi.

«Albatta, bunday xizmat turi patentlanishi zarur, ammo hozirgi vaziyatga to‘g‘ri baho berib, xulosa qilsak: biz 2018 yilda bunday o‘zgarishga tayyor emasmiz!», deb qo‘shimcha qilgan Haydarov.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil dekabr oyida davlat byudjyeti Senat tomonidan ma'qullangandi. Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis a'zolariga Murojaatnomasida aynan davlat byudjyeti parametrlarining «individual shaxslarga nisbatan xizmat ko‘rsatish patentini joriy etish» bandini qattiq tanqid qildi. Shundan so‘ng, davlat rahbari «xalqchil bo‘lmagan, xalqni o‘ylamagan davlat byudjyetini» tasdiqlamasligi haqida oshkora fikrini bildirgandi. Ma'lum qilinishicha, ushbu munosabatdan so‘ng, davlat byudjyetini qayta ishlab chiqish va uni takomillashtirish borasida ishlar olib borilgan.

«Umumiy hisobda patentni joriy etishdan katta mablag‘ tushumi kutilmagandi. Shu tufayli, rejadagi byudjyetdagi hisobot o‘rnini bo‘sh qoldirishga qaror qilganmiz, chunki bu yilgi davlat byudjyeti profitsit bilan yakunlanishi kutilmoqda», deydi vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid