Oltin deb yurganing mis chiqsa...
Men Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni fidoyi, xalqparvar, odil rahbar, yetuk siyosatchi deb o‘ylardim, ammo kechagi videoselektorda u o‘ziga- o‘zi bahoni qo‘ydi. Ajabo, bir viloyat hokimi - el suygan Prezidentning vakili butun bir Toshloq tumani aholisini haromiga chiqarib tursa-ya! O‘zi janob G‘aniyev haromi degan so‘zning ma'nosi o‘zaro nikoh qilinmagan erkak va ayoldan tug‘ilgan bolani anglatishini bilarmikan? Shuncha narsani bilgan odam, nahotki, shu so‘zning ma'nosini bilmasa? Bilsa, nega bir necha yuz minglab xalqqa tuhmat qiladi?
Yigitning g‘ururi, oriyati toptalganidan ko‘ra, uning o‘lgani afzal. Butun tuman halqini kuppa-kunduz kuni, yana deng XXI asr - shiddatli taraqqiyot davrida Prezidentning viloyatdagi eng ishonchli odami haqorat qilib tursa. Bosh prokuratura, senatorlar, deputatlar, ma'naviyatimiz darg‘alari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilarining ko‘zlari qayerda, nega bir og‘iz churq etmaydilar? Qani vatanparvar, xalqparvar fidoiylar?! Yoshlar ittifoqi vakillarining bu voqeaga munosabatlarini nega ko‘rmayapmiz?! Xalqning g‘ururi toptalayotgan pallada sichqonning iniga kirib ketsak. Afsus... Afsus... Undan ko‘ra, viloyat hokimi mening ko‘kragimga pichoq ursa qaniydi! Shu gaplarni eshitgandan ko‘ra, men Toshloq xalqining sha'nini himoya qilib o‘lganim yaxshi edi. Eh, Toshloq hokimi, millatning qahramoni bo‘lib chiqadigan majlisdan “janob hech kim” bo‘lib chiqishlik uyat, sharmandalik emasmi? Yigitning umri, jonini 5 million so‘mga minnat qilgan viloyat hokimining gapi haqoratdan boshqa narsa emas.
Prezidentimiz har doim “menga sadoqatli, fidoiy kadrlar kerak”, deydilar. Aslida, insonning sadoqatli, fidoyi ekanligini xalqqa bo‘lgan munosabati va hurmatidan bilsa bo‘ladi. O‘z tuman xalqini haqoratdan saqlab qola olmagan tuman hokimi o‘z mansabiga loyiqmikan? Men qat'iy va keskin “yo‘q” deyman. Shu ma'noda viloyat hokimi “Mard bo‘lsang, shunday chiqib ket, hokim bo‘lib o‘tirmasdan”, deganida edi ming marta haq bo‘lardi. Balki bu fikrimga ko‘plar qo‘shilar.
Shu yerda ozroq lirik chekinish qilsak. Men umrim bino bo‘lib onamni hech kimga so‘ktirmaganman. So‘kkan holatlar bo‘lganida yaxshilab “yem”ini berib qo‘yganman. Chunki mening Onam, menga bog‘liq ayollar sha'ni - hayotimning ma'nosi va mazmuni. Shular bilan hayotim go‘zal. Shirin jonimni berib bo‘lsada men ularni himoya qilishim, asrashim, har qanday holatlarda ham sha'ni, oriyatiga dog‘ tushirmasligim shart!
1994 yilda Buxoro viloyatida bir uchastka inspektorini tuman IIB boshlig‘i onasidan so‘kkanini guvohi bo‘lganman. O‘sha paytda agar IIV tizimida onadan so‘kadigan bo‘lsa, bir umr shu tizimda ishlamayman deganman. Eng qizig‘i, 1997 yilda Toshkent shahar IIBBga ishga taklif tushganda, aynan shu sabablar tufayli ishga o‘tmaganman. Albatta, undan keyin qancha suvlar oqib o‘tdi. Bugungi kunda IIV tizimida bunday noxushliklarga chek qo‘yilganiga aminman, buni shu sohada ishlab yurgan tanishlarim ham aytishadi.
Bugun Prezidentimiz boshchiligida yurtimizda har bir sohada islohotlar shiddat bilan olib borilmoqda. Shular qatorida ma'naviyat va ma'rifat yo‘nalishlarida ham. Davlat rahbari millatning g‘ururini, sha'ni va qadr- qimmatini ko‘tarayotgan muhim bir pallada o‘z tomonidan qo‘yilgan bir vakil oybolta ko‘tarib, chopaman deb qarshilik qilib tursa! Kamiga Fir'avnga o‘xshab (kechagi maqolada yaxshi o‘xshatish bo‘libdi - maqola muallifiga va boshqa blogerlarga ham rahmat, o‘zlarini xalqparvar ekanliklarini ko‘rsatishdi) “Hajga bormaysanlar”, deb buyruq bersa. Ajabo, hurmatli Prezidentimiz Haj ziyoratiga boruvchilar sonini ko‘paytirib turgan bir paytda siz “Hajga bormaysanlar” deysiz, davlat rahbari xalqni boshlariga ko‘tarayotgan bir pallada siz butun Toshloq tumani aholisini “Haromilar” deysiz! Sizning bunga qanchali haqingiz bor? Bilmasangiz bilib qo‘ying, janob G‘aniyev! Sizning bunga HeCh QANDAY HAQINGIZ YO‘Q! Shu ikki gapingiz bilan Prezident siyosatiga qarshi chiqayotganingizni nahotki tushunmaysiz?
Shu o‘rinda viloyat va tuman hokimlariga bir iltimosim bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan siyosatini to‘g‘ri talqin qilinglar. O‘qing, izlaning, kerak bo‘lsa, bilmaganingizni so‘rab bilib oling. Aql o‘rgatmoqchi emasman, lekin siz avliyo yoxud payg‘ambar ham emassiz. Viloyat yoki tuman xalqiga rahbarlikni zimmangizga oldingizmi diplomatiya, siyosat, iqtisod, psixologiya, yer ilmi, savdo, marketing, islom dini-yu tarix, falsafa, kerak bo‘lsa, yumorni bilishingiz shart. Shundagina Prezidentimizga haqiqiy safdosh va sadoqatli bo‘la olasiz!
Xulosa qilib aytganda, janob Shuhrat G‘aniyev, shunday haqoratli gaplarni aytgandan keyin viloyat hokimi vazifasida qolish, to‘g‘rirog‘i, qolmaslik masalasini bir o‘ylab ko‘rsangiz yaxshi bo‘lardi. Mard bo‘lsangiz... u yog‘ini o‘zingiz tushunarsiz!
Rahmatulla Sultonov
Mavzuga oid
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
09:40 / 02.11.2024
Hindiston Farg‘onada xalqaro ko‘p tarmoqli klinika tashkil etadi
19:32 / 30.10.2024
Farg‘onada jamoat transporti yo‘l haqi oshirildi
16:35 / 30.10.2024