Jamiyat | 13:46 / 04.02.2018
28089
2 daqiqa o‘qiladi

Jamiyatga eng katta ziyon yetkazuvchi kompaniyalar nomi ma'lum qilindi

Foto: Business Insider

Ehtimol, Walmart va McDonald’s jamiyatga ziyon yetkazar, biroq salbiy ta'sir darajasi bo‘yicha Facebook ularning ikkisini ham ortda qoldirdi. Har holda, Honest Data tadqiqot kompaniyasining so‘rovnomasida 2000 nafar amerikalik shunday javob bergan.

Respondentlar ro‘yxatdagi kompaniyalarning qay biri jamiyatga maksimal ziyon yetkazishini tanlashlari kerak bo‘lgan. Unda Marlboro, Walmart, Facebook, McDonald’s va Coca-Cola kabi kompaniyalar nomi keltirilgan. Marlboro 43 foiz amerikalik tomonidan eng katta ziyon keltiruvchi kompaniya deb topildi. Facebook 27 foiz ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Undan keyingi o‘rinlarda McDonald’s (21 foiz) va Walmart (18 foiz) nomi qayd etilgan. Bundan tashqari, 36 foiz ishtirokchi "Yuqorida qayd etilganlarning hech biri" punktini tanlagan.

Honest Data asoschisi Teyvis MakGinning so‘zlariga ko‘ra, u Facebook'ga bunday munosabatdan mutlaqo ajabalanmagan, zero kompaniyaga o‘tgan yilning o‘zida qator ayblovlar bildirildi. Boz ustiga, so‘nggi vaqtlarda odamlar ijtimoiy tarmoqlarning psixologik holatga ta'siri ustida ko‘proq bosh qotirishmoqda.

Boshqa bir so‘rovnomada amerikaliklar jamiyatga eng yomon ta'sir ko‘rsatayotgan texnologik kompaniyalarni tanlashlari kerak bo‘lgan. Unda Facebook yetakchilik qilmoqda, keyingi o‘rinda esa - Twitter. Google, Netflix va LinkedIn ancha orqada. Biroq ta'kidlash joizki, so‘rovnomada ishtirok etganlarning 53 foizi "Yuqorida qayd etilganlarning hech biri" punktini tanlashgan.

Tabiiyki, Mark Tsukerberg bunday vaziyatni e'tibordan chetda qoldirmadi. Kuni kecha u Facebook foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqda 50 milllion soat kamroq vaqt o‘tkazishayotganini ma'lum qildi. Virus roliklarni kamroq ko‘rsatuvchi yangi algoritmlar sabab shunday natijaga erishilgan.

Mavzuga oid