O‘zbekiston | 10:18 / 08.02.2018
100366
10 daqiqa o‘qiladi

“O‘ztransgaz” bergan raqamlar yaltiramoqda, odamlar esa gazsiz qaltiramoqda...

7 fevral kuni “O‘ztransgaz” AJ Milliy matbuot markazida matbuot anjumani o‘tkazdi. KUN.UZ mazkur anjumanda qatnashmagan, (aniqrog‘i, bu yig‘ilishga chaqirilmagan) bo‘lsa-da, o‘tgan yig‘ilishda “O‘ztransgaz” AJ tomonidan bir yil ichida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida so‘z borganligini jamiyat saytidagi ma'lumotlar orqali yaqindan tanishdi. Ta'kidlash joizki, taqdim etilgan raqamlar barcha ishlar risoladagidek ekanligini ko‘rsatib turibdi, ammo joylardagi haqiqiy muammolar bu narsani inkor etayotgandek go‘yo... (Mazkur raqamlarga qiziquvchilar quyidagi havola orqali undan bahramand bo‘lishlari mumkin)

Gapimizni misollar orqali davom ettirmasak so‘zlar-so‘zlarga yopishmayotgandek. Masalan, “O‘ztransgaz” AJ ushbu yig‘ilishda vodiydagi avtomobillarga gaz qo‘yish shoxobchalaridagi kilometrli navbatlar haqida, buning sabablari va oldini olish borasida lom-mim demagan. Yanvar oyining o‘zida ana shunday holatlar juda ko‘p kuzatilgan va bu haqda KUN.UZ sayti orqali maqolalar ham e'lon qilingan edi.

18 yanvardagi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatidagi holatlar:

Vodiy «zapravka»laridan yo‘qolgan gaz qidirilmoqda

30 yanvardagi Andijon va Farg‘ona viloyatida kuzatilgan yana shu muammo:

Vodiy viloyatlari “zapravka”larida yana ikki-uch kilometrli navbatlar yuzaga keldi

Bundan tashqari, Respublikaning aksari hududlarida tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bog‘liq muammolar hamon hal etilmagan. Bu borada ham KUN.UZ saytiga turli murojaatlar kelib turibdi. Bu safar ham gapimiz isboti bilan bo‘lsin, mazkur murojaatlardan AYRIMlarini havola etamiz. Bu murojaatlarni “tabriknoma” sifatida qabul qilishar...

“Assalomu alaykum KUN.UZ. Sizlarga Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanidan maktub yubormoqdaman. Ismim Ziyoviddin. Bizning tumanda 1 ta suyultirilgan gaz ballonini ijaraga olish uchun oylab navbat kutishimiz kerak, ungacha qish mavsumi tugaydi. Tuman gaz idorasi xodimlari kutmasdan bozordan naqd pulga sotib olinglar, deyishdi. Bozorda 1 ta gaz ballonining narxi 300-350 ming so‘m turadi. 1 ta ballon zapravkasing narxi 12-13 ming so‘m bo‘la turib 20-25 mingdan so‘mdan tanish-bilish qilib olamiz. Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi deganlaridek 6 oy og‘ir bemor boqdim - katta akam oshqozon rakiga chalinib, 2 kun bo‘ldi vafot etdilar. Ularni davolatishga “Damas” avtomashinamni sotib, sarfladim natija bo‘lmadi. 6 nafar farzandlari bor, hammasi yosh oilada, ularning barchasi ishsiz. Buni hamma biladi, hattoki MFY raisini xabari bor. Lekin kelib moddiy yordam taklif ham qilishmaydi.

Qachon bizning shahar va tumanlarga ham adolat yetib keladi yoki prezident qilgan ma'ruzalari va farmonlari fakat Toshkent uchunmi?”

Yana bir murojaatda shunday deyiladi:

“Assalomu alaykum xalqning orzu-umidi va dardu-g‘ami bilan yonib yashayotgan KUN.UZ jurnalistlari. Biz Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Davlatbotir qishlog‘ida istiqomat qilamiz.

Bizning qishloqlarda gaz yo‘q. O‘tin deyarli hech qaysi xonadonda qolmadi, ko‘mir esa falon pul. Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimiz hali ham sovuq suvda tahorat olib, sham yorug‘ida namoz o‘qishadi. Yosh go‘daklari bor ota-onalar kundizi bilan o‘tin yig‘ishadi. Bir necha bor ushbu muammolar bo‘yicha tegishli rahbarlarga va tashkilotlarga murojaat qildik, ammo dardimizni eshitadigani yo‘q.

Sizlardan o‘tinchimiz ushbu muammoni hal etishda yordam bersangiz. Prezidentimizning insonlar turmush tarzini yaxshilash uchun chiqarayotgan ko‘plab qaror va farmonlari ijrosini nima uchun uz vaqtida ta'minlay olmayotgan mutasaddi rahbarlarga hech qanday chora ko‘rilmaydi? Xalqimiz orzu-umidi faqat va faqat elektr energiyasi bo‘lib qolaveradimi? Bizning ham kengroq marralarni zabt etish haqida o‘ylash vaqti kelmadimikan?”.

Yana bir murojaat:

Assalomu alaykum KUN.UZ tahririyati. 2018 yanvar oyining taxminan 15-kunlaridan Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani, Yangiqo‘rg‘on massivida tabiiy gaz yo‘q. Tuman gaz boshqarmasi xodimlarining so‘ziga ko‘ra, yanvar oyi limiti tugab qolganmish. Bu nima degani? Yanvar oyining qolgan sovuq kunlarida aholi gazsiz o‘tirishi kerakmi? Mahallada deyarli har bir xonadonda yosh bolalar, keksalar bor, ularning sog‘ligini kim o‘ylaydi? Yangi yil arafasi, yanvar oyining boshlarida gaz bosimi juda baland berildi. Hatto gaz plitalar, trubalar ulangan joylardan gaz chiqib ketdi.

Umuman olganda aholiga gaz bosimini bir maromda berilishiga kim javobgar? Qo‘qondagi holatga o‘xshagan baxtsiz hodisalar bo‘lmasligiga kim javob beradi?”.

Murojaatlarning navbatdagisi quyidagi mazmunga ega:

“Assalomu alaykum KUN.UZ xodimlari. Xalq dardini eshitib, qo‘lingizdan kelgan yordamni qilayotganingizdan shu xalq juda minnatdor. Men Namangan shahrida, Q.Otamirzayev ko‘chasida yashovchi oddiy bir fuqaroman. 7 yildan beri tabiiy gaz yo‘q. Mahallamizda imkoniyati bor insonlar (juda kam) bir amallab uyini isitadi, imkoniyati yo‘q bechoralar esa eski oyoq kiyim, rezina yoqib uyini istishga majbur. Keksalar va nogironlar bor, yosh bolalar bor, ayniqsa, yoqilgan rezina tutuni alergiya qo‘zg‘atar ekan. Yosh bolalar juda qiynalmoqda, iltimos, shu mavzuni ham yozsangiz. Mutasaddi tashkilotlar e'tiboriga tushsa, mahallamizga tabiiy gaz kelsa, kelajagimiz bo‘lgan yosh avlod issiq uyda toza havodan nafas olsa, ertangi kun shu yosh avlodniki-ku. Prezidentimiz aytayaptilar-ku, xalq kelajakda emas, ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak deb. Nahotki bu so‘zlarning mutasaddi rahbarlarga ahamiyati yo‘q?”.

Buxoro viloyatidan kelgan murojaat:

“Assalomu alaykum hurmatli KUN.UZ ijodkorlari! Sizlarga Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Hasan xo‘ja qishlog‘ida istiqomat qilayotgan aholi nomidan yozmoqdaman! Yaqin-yaqingacha bizninig qishloq tumanimizning eng so‘lim qishloqlaridan biri edi! Ammo hozirda qishlog‘imiz xuddi cho‘lga o‘xshab qoldi! Hurmatli tahririyat ijodkorlari, bizdagi asosiy muammo yurtimizni boshqa hududlarida bo‘lgani kabi tabiiy gaz muammosi! Agar sizlarni tashabbuslaringiz orqali tumanimizni mutasaddi tashkilot rahbarlari qishlog‘imizdagi muammoni hal qilib berishsa, xursand bo‘lardik! Bizda hamma narsa tayyor - har bir xonadonga quvurlar tortilgan, gaz taqsimlagichlar(GRP) bor. Faqatgina tabiiy gazni uzatishsa bo‘ldi! Oldindan rahmat!”.

Aytmoqchi bo‘lganimiz, prezident Shavkat Mirziyoyev “statist”lardan charchaganini, zamon o‘zgarganligini, eskicha fikrlab ish tutadiganlar bugungi davlat va jamiyat uchun mutlaqo kerak emasligini, endi bu ishlar bilan odamlarni ishontirib bo‘lmasligini ta'kidlayotgan bir paytda anjumanda keltirilgan raqamlar qishda gullagan daraxtdek bemavrid va foydasiz manzarani berib turibdi. Xalq esa mazkur tizimda mavjud muammolarning aniq yechimini sabr bilan hamon kutmoqda...

Gapimizni tushkun holatda yakunlamaslik uchun, gaz masalasida ichi kuygan odamlardan qaynoq “desert”:

“Oh metan, qayerdasan? Seni qaytishingga ko‘zlar tugul cho‘ntaklar ham mushtoq bo‘lib ketdi-ku! Seni so‘rab surishtirsam, xalqqa tarqatilgan emish, degan gaplar yuripti, men ham xalq edim, tezroq bizning qishloqqa ham tarqal! Avvallari ishga kech qolmaslik haqida o‘ylar edim, endi ishga borib olish haqida bosh qotiryapman. Yo men notavon bemavrid o‘qishni bitirib ishga joylashdim yo bemavrid tug‘ildim. Suyunchi filmidagi Anzirat xolam aytganlaridek: "Dardingni kimga ochib sochishniyam bilmaysan...". Shu tobda "Menga ochib soching dardizi", deydigan nevarasidan bo‘lganida gapiraverib betini tupuk qilib tashlarmidim, Xudo biladi.

Bugun plastikka oylik tushibdi! Nima bo‘pti... Baribir yo‘l kiraga ketadi. Metanjon tezroq qayt, seni Vodiyning mashinasi yo‘q qatlami kutyapti (balki borlari ham kutayotgandir).

Hurmatli qadrdonim KUN.UZ! Transport qon tomir degan edingiz, bunga 200 foiz amin bo‘ldim. Shu masalani sekin unisi-bunisidan so‘rab ko‘ring, iltimos! Xalq ishga, o‘qishga borishga juda qiynalib ketdi. Bu sohaga kim mas'ul bo‘lsa, ijobiy hal qilsin. Avtobuslar barcha yo‘nalishlarda bo‘lganda edi bunchalik qiynalmasdik. Damaslar esa bundan foydalanib yo‘l kirani istaganlaricha ko‘tarishmoqda. Iltimos, shu masalani ko‘tarishga yordam bering. Lekin masalani ijobiy natijasi kerak. Avtobuslar yo‘nalishlarga yetarlicha qo‘yilmay, “Damas”larni barcha yo‘nalishdan olib tashlab, bitta muammoni ikkita muammo qilishlarining keragi yo‘q. Barchangizga rahmat! Beminnat qilayotgan yordamingizdan Xudo rozi bo‘lsin!

P.S: Aytgancha, maktubimni gazchilarga yetkazib qo‘ying”.

Mavzuga oid