O‘zbekiston | 19:50 / 27.02.2018
98737
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: Endi eksportyorga «siz», importyorga «sen» deb muomala qilamiz

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda 2018 yil yanvar-fevral oylarida tovar va xizmatlarni eksport qilish topshirig‘ini bajarish holati, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish, mavjud zaxiralarni aniqlash va to‘liq ishga solish chora-tadbirlari muhokama qilinmoqda.

«Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, videoselektorda Shavkat Mirziyoyev barcha vazirlik, assotsiatsiya va hokimliklarga raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida keskin fikrlarini bildirdi.

Mutasaddilarga mamlakatga kirib kelayotgan import tovarlarni chuqur o‘rganib, tahlil qilish masalasi yuklatilib, mahalliy bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan to‘ldirish eng dolzarb vazifa ekanligiga to‘xtaldi. 

Joriy yilning yanvar oyida import hajmi 57 foiz, ya'ni 412 million dollarga oshib ketgani aytilib, eksportni importga nisbatan hajmi paysayib ketgani tanqid ostiga olindi.     

«Eksport va import bilan shug‘ullanayotganlarga nisbatan ish uslubi butunlay o‘zgartiriladi. Endi eksportyorga  «siz» importyorga «sen» deb murojaat qilamiz. Eksportyorlarga barcha sharoitlar yaratilib, importyorlarga yangicha ishlashni, investitsiya olib kirib, mahsulot ishlab chiqarish borasida tushunchalar beramiz», degan prezident.

Bu boradagi ishlarni tizimli ravishda olib borish maqsadida ishchi guruh tuzilib, unga Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qilishi aytildi. Bosh prokuror Otabek Murodov ishchi guruhga yaqindan yordam beradi.

Mavzuga oid