2 farzandli ayol nega “o‘ta xavfli retsidivist” deb topilgan?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan Nilufar Maripova shikoyat yozib, sudlov hukmi bilan o‘ziga qo‘yilgan “o‘ta xavfli retsidivist” atamasini chiqarishni so‘ragan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov ma'lum qilmoqda.
Aniqlanishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tuman sudining 2016 yil 17 oktabrdagi hukmiga ko‘ra N.Maripova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25- (jinoyatga suiqasd) va 169-moddasi (o‘g‘irlik) 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 34-moddasi 3-qismi “b” bandiga asosan o‘ta xavfli retsidivist, deb topilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi 2016 yil 11 noyabrdagi ajrimi bilan mazkur hukmni o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Sud 1986 yilda tug‘ilgan, oilali, ikki nafar farzandi bor ayolga nisbatan chiqargan og‘ir hukmini N. Maripovaning bir necha marotaba sudlangani bilan asoslagan.
Darhaqiqat, N.Maripova muqaddam uch marotaba o‘g‘irlik qilishga suiqasd qilib, har safar jinoyatini oxiriga yetkaza olmay ushlanib sudlangan:
2008 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Chilonzor tuman sudining 29 apreldagi hukmiga ko‘ra JKning 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 1 yil sinov muddati belgilangan;
yana 2008 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining 15 sentabrdagi hukmiga ko‘ra unga JKning 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, 2010 yil 28 avgustdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan;
2013 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 1 iyuldagi hukmiga ko‘ra JKning 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 2 yil sinov muddati belgilangan, 2013 yil 12 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.
Jinoyat ishi Oliy sudga chaqirib o‘rganilganda N. Maripova shikoyatida keltirgan o‘ta xavfli retsidivist atamasining noto‘g‘ri qo‘llanishidan tashqari boshqa holatlar ham aniqlandi.
Darhaqiqat, N. Maripova 2014 yil 12 may kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Korzinka-Qoratosh” supermarketiga xaridor sifatida kirib, savdo rastasidan jami narxi 407 930 so‘mlik mollarni o‘g‘irlashga harakat qilgan vaqtida ushlangan.
Dastlabki tergov tomonidan N. Maripova supermarketdan 407 930 so‘mni tashkil qilgan mulklarni o‘g‘irlaganlikda aybli deb topilgan.
Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 2 dekabrdagi Farmoniga asosan 2013 yil 15 dekabrdan boshlab eng kam oylik ish haqi miqdori 96 105 so‘mni tashkil qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 61-moddasida mulkchilik shaklidan qat'i nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini o‘g‘irlash yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish uchun javobgarlik belgilanib, basharti talon-toroj qilingan mulkning qiymati eng kam ish haqining o‘ttiz baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish deb hisoblanishi ko‘rsatilgan.
Jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi o‘ttiz baravari 2 883 150 so‘mni tashkil etgan.
Bunday holda, N. Maripovaning harakatlarida faqat ma'muriy huquqbuzarlik mavjud bo‘lgan. Bu holatga na tergov organi, na birinchi va ikkinchi bosqich sudlari e'tibor bermagan.
Jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa shaxs aybsiz deb topilishi lozim.
Shu holatlarga ko‘ra Oliy sud raisining o‘rinbosari ish bo‘yicha chiqarilgan qarorlarni qonunsiz va adolatsiz deb topib, N.Maripovaning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan jinoyat ishini tugatish haqida protest keltirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati protestni ochiq sud majlisida Bosh prokuratura vakili ishtirokida ko‘rib chiqib qanoatlantirib, Nilufar Maripovaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tuman sudining 2016 yil 17 oktabrdagi hukmi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2016 yil 11 noyabrdagi ajrimini bekor qildi, N.Maripovaning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi uchun jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatdi hamda uni darhol jazoni ijro etish muassasasidan, qamoqdan ozod qilishni topshirdi.
Mavzuga oid
11:35 / 06.11.2024
18 yoshli xavfli retsidivist: Namanganda mashina olib qochgan o‘smir ozodlikdan mahrum qilindi
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
21:57 / 23.07.2024