Jahon | 10:44 / 05.04.2018
9868
2 daqiqa o‘qiladi

Yuliya Timoshenkoning Muammar Kazzofiydan pul olgani tekshirilmoqda

Foto: UNIAN

Ukrainaning korrupsiyaga qarshi milliy byurosi Ukrainaning sobiq bosh vaziri, “Batkivchshina” fraksiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko 2010 yilda saylov kampaniyasi uchun Liviyaning sobiq yetakchisi Muammar Kazzofiydan 4 mln dollar olgani bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda. Bu haqda Ukraina oliy radasida “Pyotr Poroshenko bloki” fraksiyasidan deputatlik qiluvchi Vladimir Arev ma'lum qildi.            

Avvalroq arab nashrlaridan biri Kazzofiy butun dunyo bo‘ylab siyosatchilarning saylov kampaniyalarini moliyalashtirgani haqidagi ma'lumotni chop etgan. Jumladan, Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi 50 mln yevroga yaqin, amerikalik siyosatchilar 5 mln dollardan, Timoshenko 4 mln dollar mablag‘ olgani ma'lum qilingan. Arev bu ma'lumotning tekshirilishini so‘ragan. 

“Yuliya Timoshenkoning 2010 yilda saylov kampaniyasi liviyalik diktator Muammar Kazzofiy tomonidan moliyalashtirilgani haqidagi ma'lumot tekshirila boshlandi”, deb ma'lum qilgan Arev Facebook’dagi sahifasida.

Avvalroq Timoshenkoning matbuot kotibi Ukraina OAVlariga bergan izohida bu ma'lumotni rad etgan. 

Monde nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Sarkozi 2007 yilda prezident kampaniyasining Liviyadan moliyalashtirilishi ishi bo‘yicha hibsga olindi.

Mavzuga oid