O‘zbekiston | 09:50 / 12.04.2018
15893
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimi farmoyishi ijrosiga nega sustkashlik bilan qaralmoqda?

Foto: KUN.UZ

Poytaxt hokimining 2017 yil 11 oktabrda e'lon qilingan  “Toshkent shahri hududidagi qurilish maydonlarida ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, qurilish ishlari olib borilayotgan hududlarda transport vositalaridan foydalanish  madaniyatiga rioya qilish va shahar ko‘chalarini toza saqlash to‘g‘risida”gi Farmoyishi ijrosi tahlil etilganda, joylarda bu borada talaygina muammo va kamchiliklar borligi aniqlandi, deb xabar qilmoqda Toshkent shahar hokimligining axborot xizmati.

Jumladan, tuman hokimliklari, arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan belgilangan vazifalar ijrosiga  mas'uliyatsizlik bilan qaralmoqda. Xususan, qurilish obektlarini rejalashtirish va loyihalashtirishda shaharsozlik qoidalariga u qadar rioya etilmayapti. Shahar ko‘chalarini ifloslantirishni oldini olish bo‘yicha zarur choralarga “panja” ortidan qarab kelinmoqda.

Poytaxt markazi va hududlaridagi  ijtimoiy soha obektlariga, jumladan qurilish ishlari olib borilayotgan yo‘llar, xiyobonlar va yangi turar joy binolariga kirib chiqayotgan yuk avtomashinalarining tozaligiga e'tibor qaratish masalasi ham paysalga solinmoqda. Bu bo‘yicha Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari qoidabuzar haydovchilarga tegishli choralar ko‘rmayapti. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasining “Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksining 147-moddasida, katta va kichik avtotransport vositalarining atrofni ifloslantirishi yoki avtoulovdan toza-ozoda  foydalanmasligi,  javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ana shunday holatlar tabiiyki shahar ko‘rkini buzmoqda. Masalan, turli maishiy chiqindilarni o‘zboshimchalik bilan yuk mashinasida tashilishi oqibatida atrofga chang-g‘ubor tarqalmoqda. Natijada yo‘l chetidagi ariq-zovurlar qum-tuproq uyumlari bilan to‘lib, sanitar qoidalarga mutlaqo zid holat yuzaga kelyapti.  

Poytaxtni gulu-chamanzorga aylantirish, megapolis ko‘rinishiga keltirish, aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari so‘nggi uch  yilda besh barobarga ortgan. Afsuski, bu kabi ezgu tashabbuslar samarasi, shahar hududlaridagi ayrim mutasaddi rahbarlarning mas'uliyatsizligi oqibatida ko‘zga tashlanmayapti. Yaxshiyamki bahorning iliq kunlarida yog‘ayotgan yomg‘ir Yaratganning rahmati kabi ko‘chalardagi chang-g‘uborlarni yutib, bizga musaffo havoni hadya etmoqda. Ammo, jazirama yoz eshik qoqayotgan damda, bu kabi masalalarga jiddiy e'tibor qaratmasak, so‘ng qilgan barcha urinishlarimiz besamar ketishi-ayni haqiqat. 

Mavzuga oid