Jahon | 20:03 / 17.04.2018
9631
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Myanma armiyasini "qora ro‘yxat"ga kiritdi

Foto: aa.com

BMT Myanma armiyasini Arakan ayollari va bolalariga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun "qora ro‘yxat"ga kiritdi. "Anadolu" BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish hisobotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi

Hisobotda 2017 yilda dunyoning 19 mamlakatidagi muammoli hududlarda jinsiy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ma'lumotlar keltirilgan. 

"Myanmadagi Arakan ayollari jinsiy zo‘ravonlikka duch kelishmoqda. Myanma armiyasi jinsiy zo‘ravonlikni Arakan musulmonlarining o‘z uylariga qaytishlariga yo‘l qo‘ymaslik vositasi sifatida qo‘llamoqda", - deyiladi hisobotda. 

25 avgustdan Myanma shimolidagi Arakan provinsiyasi musulmonlariga hujumlar kuchaydi. Myanma armiyasi buni "qurollangan jangarilarga qarshi kurash" sifatida baholadi. Mintaqadagi gumanitar vaziyat keskin yomonlashdi. 1970-yillardan boshlab Myanmadagi musulmonlarga nisbatan tizimli ravishda hujumlar va etnik tozalashlar qo‘llaniladi. Myanma musulmonlari (taxminan 2 million)ning 80 foizi qo‘shni mamlakatlardan boshpana topgan. 

Hozirga kelib Myanmada atigi 300 ming musulmon qolgan, ulardan o‘n minglab nafari Bangladeshdan qo‘nim topishga harakat qilmoqda. 

BMTning "qora ro‘yxati"dagi davlatlar, ularning muayyan qismi va fuqarolariga nisbatan xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishdan voz kechgani uchun Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga muvofiq javob choralari sifatida turli sanksiyalar qo‘llaniladi. 

 

Mavzuga oid