O‘zbekistonda majburiy mehnatning qanday ko‘rinishlari mavjud? Bosh vazir faktlarni keltirdi
17 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bosh vazir Abdulla Aripov raisligida jamoat ishlariga majburiy jalb qilishni taqiqlash, bu borada rahbarlar mas'uliyatini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Bosh vazir o‘z so‘zida viloyatlarda yo‘l qo‘yilayotgan majburiy mehnat ko‘rinishlarini tanqid qildi.
«Ta'lim va tibbiyot xodimlarini majburan mehnatga jalb etish ko‘plab viloyatlarimizda odatiy holga aylangan. Bu xalqaro qonun hujjatlari buzilishi demakdir.
Bu haqda muhtaram prezidentimiz bir necha marta haqli e'tiroz bildirdi va bunday holatlarga yo‘l qo‘yish mumkin emasligi to‘g‘risida ogohlantirgan. Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidan qaytgach, Oliy Majlis Senati huzurida majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha alohida komissiya tashkil etildi. Prezidentimiz topshirig‘iga asosan, 2017 yil kuzida o‘quvchi va talabalar paxta dalalaridan qaytarildi. Ammo joylardagi aksariyat rahbarlar bundan xulosa qilish o‘rniga, o‘quvchilarni qaytarishga qaytarib, o‘qituvchilar bilan shifokor xodimlarni ko‘cha tozalashdan tortib, uy-joy buzish ishlarigacha jalb etib kelmoqda.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Sirdaryo viloyati faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani 42-maktab o‘qituvchisi Diana Yenikeyeva ko‘cha tozalashga chiqarilganida mashina urib ketishi oqibatida vafot etganini kuyinib esladi va bunda o‘zini aybdor his qilayotganini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, o‘sha kuni turli hududlarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotganini eslab o‘tdilar.
Prezidentimiz aytdilar: «Ochig‘i, bu menda nafrat uyg‘otmoqda, o‘qituvchilarni majburlab obodonlashtirish, ko‘cha supurishga jalb etish - bu biz olib borayotgan siyosatga xiyonat. Bu nafaqat menga, balki davlatimiz olib borayotgan siyosatga xiyonatdir».
Hozirgi kunda internet nashrlari o‘rni aholi o‘rtasida katta ahamiyatga ega bo‘layotganligini hisobga oladigan bo‘lsak, siz rahbarlarning noto‘g‘ri xatti-harakatlaringiz davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatga qattiq salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Shu sababli, bugungi yig‘ilishimizda bir necha marta ogohlantirilganiga qaramasdan o‘qituvchi va shifokorlarning o‘z faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb etilishi muhokama qilinadi.
Prezidentimiz bunday holatlarni «favqulodda holat» sifatida ko‘rib chiqishni topshiriq qildi.
OAVda mahalliy hokimliklar tomonidan ta'lim va sog‘liqni saqlash xodimlari turli ishlarga jalb etilayotgani haqida xabarlar berildi, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etildi.
Qashqadaryo viloyatida ko‘cha yuzidagi soxta issiqxonalar, Jizzax viloyatida kollej o‘quvchilari korxona ishchilari sifatida taqdim etilishi kabi ko‘zbo‘yamachiliklar kuzatildi. Bunday holatlar esa aholida norozilik kayfiyatini paydo qilmoqda.
Masalan, Andijon viloyatining Andijon shahri, Xo‘jaobod, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlarida ko‘cha tozalash, obodonlashtirish, daraxtlar ekish, ko‘cha va mahallalardagi chiqindilarni chiqarish, dala ishlariga maktab, maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari muntazam ravishda jalb etib kelingan. Ayrim rahbarlar o‘qituvchilarni nafaqat majburan ishlatgan, balki ulardan moddiy manfaatdor ham bo‘lgan.
Jumladan, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmonov, Andijon shahri hokimi Rahmatullayev barcha yig‘ilishlarda maktabgacha ta'lim muassasalari rahbarlarini shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun o‘z hamyonlaridan qimmat narxlarga gullar sotib olishga majburlashgan. Bunday talabni bajarishni istamagan xodimlar ishdan bo‘shash xavfi ostida bo‘lgan.
Bunday sharoitda soha xodimlari qachon o‘z sohasi rivoji ustida ishlaydi?
Olib chiqib ishlatgani ham mayli, uni ustiga ming so‘mlik ko‘chatlarni yanayam qimmat narxlarda byudjyet tashkilotlari xodimlarini sotib olishga majburlashgan. Qonunni buzishmoqda.
Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi bog‘chalar xodimlari ham shahardagi obodonlashtirish ishlariga muntazam jalb etib kelinmoqda.
Toshkent shahri Sergeli tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari esa o‘zlarining hisoblaridan zarur vositalarni sotib olib, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni tozalash ishlariga jalb etilgan.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida ham maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlaridan obodonlashtirish ishlariga ishchi kuchi yollash uchun pul yig‘ilayotgani bo‘yicha vazirlikka bir necha marta murojaat bo‘lgan.
O‘z yonidan pul ishlatgan ijtimoiy soha xodimlari bu mablag‘ni qaytarish uchun ta'magirlikka borishga majbur bo‘ladi.
Muhtaram muhtaram prezidentimiz tashabbuslari bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Jamoat ishlari jamg‘armalari tashkil etilgan. Lekin afsuski, ko‘plab hokimlarimiz bu pullarni ishlatish mexanizmi haqida tasavvurga ega emas. Bilmaydi. Prezidentimiz necha milliardlab mablag‘larni jamoatchilik ishlariga ishsiz yurgan odamlar yollab ishlatilishi uchun ajratsayu, bular, tuman hokimlari, shahar hokimlari, turli mutasaddi rahbarlar «sodiqligi»ni ko‘rsatib, o‘qituvchilarni olib chiqib ishlatib, majburiy mehnatga jalb etyapti.
O‘zi jamg‘armani ochishdan maqsad ham, chekka tumanlarda ishsiz yuradigan odamlarni to‘lov evaziga obodonlashtirish ishlariga jalb etish edi.
Ammo hokimlar tahdid qilish orqali byudjyet tashkilotlari xodimlarini majburiy ishlatishni tizimga aylantirib olishgan.
2018 yilda ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb etish uchun yurtboshimiz tomonidan 714 milliard so‘m ajratilgan. Biroq hokimlar bundan «bexabar», ular «kasal», ular o‘qituvchi va shifokorlarni ishlatishi kerak. Birinchi chorakda salkam 150 milliard pul ajratilgandi. Bor yo‘g‘i 40 milliard so‘m ishlatilgan», deya yozg‘iradi bosh vazir.
Mavzuga oid
18:33 / 04.11.2024
Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
10:15 / 10.10.2024