O‘zbekiston | 17:49 / 04.05.2018
30088
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘ztelekom" tuzilmasida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi

"O‘ztelekom"da tashkiliy tuzilma o‘zgardi, shuningdek qator kadrlar almashuvi ro‘y berdi. Kompaniya matbuot xizmati KUN.UZ'ga xabar berishicha, 20 aprel kuni aksiyadorlar yig‘ilishida shunga doir qaror qabul qilindi.

Kompaniyaning avvalgi tuzilmasiga nisbatan yangisida operatorlar bilan ishlovchi direktor va davlat organlari bilan aloqa qiluvchi direktor lavozimlari kiritilgan.

Shuningdek to‘rt yangi ixtisoslashtirilgan markaz yaratildi: Korporativ sotuvlarni boshqarish markazi, Ulgurji sotuvlarni boshqarish markazi, Personalni boshqarish markazi hamda Xaridlar va xo‘jalik ta'minotini boshqarish markazi.

"Aktsiyadorlarning yig‘ilishi doirasida yangi tuzilmani yo‘lga qo‘yish kompaniya faoliyatini yanada samarali tashkillashtirish, bozorning alohida segmentlarini faollashtirish hamda istiqbolli yo‘nalish va loyihalarni moliyalashtirishni optimallashtirish imkonini beradi", - deya ta'kidlanmoqda matbuot xizmatida.

Bundan tashqari, quyidagi o‘zgarishlar qayd etildi:

  • Abdug‘ani G‘oibnazarov - Uzmobile mobil tarmog‘ining ekspluatatsiya markazi direktori;
  • Shuhrat Karimov - Tarmoq va xalqaro kommutatsiyani boshqarish bosh markazi direktori;
  • Muhiddin Ibrohimov - "Axborot tizimlari" markazi direktori;
  • Lazizbek Mamatov - personal boshqaruv markazi direktori;
  • Yevgeniy Vishnevskiy - korporativ sotuvlar boshqaruv markazi direktori;
  • Mansur Qo‘chqorov - ulgurji sotuvlar boshqaruv markazi direktori.

Yangi tashkiliy tuzilmaga ko‘ra, davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktor - Nazirjon Hasanov, operatorlar bilan ishlovchi direktori - Dilshod Zufarov, tijoriy direktor - Hikmatullo Nasriddinxo‘jayev, kompaniya texnik direktori - Jahongir Oripov va istiqbolli rivojlanish hamda innovatsiyalar bo‘yicha direktor - Yevgeniy Marking.

Ta'kidlash joizki, joriy yilda bundan avval Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar vaziri Azim Ahmadxo‘jayev telekom-operatorning yangi bosh direktori Farhod Roziyevni tanishtirgan edi. Yangi moliyaviy direktor etib esa Shagen Grigoryan tayinlangan.

Mavzuga oid