Jahon | 10:16 / 08.05.2018
8329
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya G‘arbning Bolqondagi rejalarini buzmoqda – Erdo‘g‘an

Foto: Anadolu

Anqara G‘arbning Bolqon yarim orolida inqiroz va beqarorlik yaratish bo‘yicha rejalarini buzmoqda, bu g‘arb davlatlarining Turkiya bu mintaqada juda faol ekani bo‘yicha tanqidiga sabab bo‘lyapti, deya ma'lum qildi Turkiya yetakchisi Toyyib Erdo‘g‘an.

Avvalroq, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevroparlamentdagi chiqishi vaqtida Bolqonni Yevroittifoq, Turkiya va Rossiya manfaatlari to‘qnashadigan joy, deb atagandi. Turkiya TIV rasmiy vakili Hami Oqsoyning ma'lum qilishicha, Anqara bunday yondashuvni noto‘g‘ri, deb hisoblaydi.

"G‘arb davlatlari bizning Bolqondagi harakatlarimiz, bu mintaqadagi bizning tashabbus va sa'y-harakatlarimizga nafrat bilan qaramoqda... Biz Serbiya, Bosniya va Gertsegovina bilan qalin hamkorligimiz ba'zilarga yoqmayotganini ko‘rmoqdamiz. Ular harakatlarimiz haqida noto‘g‘ri tushuncha shakllantirishga urinmoqda, sababi bizning hamkorligimiz meva berayotganidan xavotirga tushib qolishgan. Turkiyaning sa'y-harakatlari ular mintaqada inqirozlar va beqarorlik yo‘li bilan amalga oshirishga mo‘ljallagan rejalariga xalaqit qilmoqda", - dedi Erdo‘g‘an Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning Turkiyaga tashrifi davomida tashkil etilgan qo‘shma matbuot anjumanida.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning qarshi harakatlariga qaramay, Turkiya Bolqonda faollikni davom ettirmoqda, xususan, Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtiruv agentligi orqali. "Masalan, Turkiya mintaqada tarixiy yodgorliklarni tiklash uchun barcha sa'y-harakatlarni ko‘rmoqda. Biz bundan keyin ham shunday kayfiyatda ishlaymiz", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Turkiya prezidenti.

O‘z navbatida, Vuchich Turkiyani Bolqondagi yetakchi kuch deb atab, uning pozitsiyasini e'tiborga olish muhimligini ta'kidladi. "Turkiyaning Bolqon yarim orolidagi ishtiroki biz uchun ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan juda muhimdir. Turkiya bilan sherikchiligimiz mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashga katta hissa qo‘shmoqda", - deya aytib o‘tdi Serbiya prezidenti.

Mavzuga oid