Sport | 13:49 / 10.05.2018
7866
13 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib, tanishtiruv: Nigeriya

Tribuna.Uz o‘z an'anasini davom ettirgan holda JCh-2018 ishtirokchilari bilan tanishtirishda davom etadi. Bugungi kun qahramonlari — Nigeriya terma jamoasi

NIGeRIYa
Mustaqilligi: 1 oktabr, 1960 yil
Poytaxti: Abudja
Boshqaruv shakli: Federativ prezidentlik respublikasi
Aholisi: 186 million (2016) kishi. (dunyoda 7-o‘rin)
Valyuta: Neyra

NIGeRIYa TeRMA JAMOASI.

Foto: Wikiwand

Laqabi – «Superburgutlar»
Libosi – yashil
Konfederatsiya – KAF
Federatsiya – Nigeriya futbol assotsiatsiyasi
Afrika chempioni – 1980, 1994
Jahon chempionati – 1/8 final (1994, 1998, 2014)
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p ishtirok etgan – Vinsent Enyama  (101)
Eng ko‘p gol kiritgan – Reshidi Yyekini (37)
Ilk o‘yin – 1949 yil. 8 oktabr. Serra-Lone – 2:0
Eng yirik g‘alaba – 1959 yil. 28 noyabr. Dagomeya – 10:1
Eng yirik mag‘lubiyat – 1955 yil. 1 iyun. Oltin Qirg‘oq – 0:7

O‘tgan asrning ikkinchi yarmigacha Nigeriya terma jamoasi nafaqat jahon, Afrika miqyosida ham yetakchi sanalmasdi. Hatto Afrika Millatlar kubogining ilk sakkiz turnirida atigi bir marotaba asosiy bosqich o‘yinlarida o‘ynash imkoniyatini qo‘lga kiritgan, o‘shanda ham guruh bosqichidan naryog‘iga o‘ta olmagandi. 1976 va 1978 yillarda «yashil burgutlar»ning parvozi boshlani va ular ketma-ket ikki marotaba o‘sha turnirning yarim finalida o‘ynash baxtiga muyassar bo‘ldilar. 1980 yilda esa Nigeriya terma jamoasi o‘z maydonida o‘tkazilgan musobaqada ilk bor Afrika chempioniga aylandi. Buyog‘iga terma jamoa muntazam turnir sovrindoriga aylangan bo‘lsa-da, jahon hali Nigeriyani «tanimasdi».

Kamerunning Italiyadagi «taqdimot marosimi»dan so‘ng Afrika jamoalaridan hayiqa boshlashdi. AQShda o‘tgan 15-jahon chempionatida o‘sha natijalarning tasodif emasligini va qit'a futboli rivojlanishning to‘g‘ri yo‘lida dadil qadam tashlayotganini o‘z o‘yinlari bilan isbotlay oldi.

Nigeriya guruhda Argentina, Bolgariya va Gretsiya terma jamoalari bilan bellashdi. Stoichkov-u Kostadinovlari bilan o‘zining eng yaxshi davrlarini boshdan kechirayotgan Bolgariya birinchi turda 3:0 hisobida tor-mor etildi. Keyin esa greklar darvozasiga javobsiz ikki gol yo‘llandi va Nigeriya guruhda peshqadam bo‘lib oldi. Chunki, Argentina kutilmaganda bolgarlarga imkoniyatni boy bergan va so‘nggi turda xuddi turt yil oldingidagidek Maradona va sheriklarining taqdiri Afrika vakilining qo‘lida qolgandi. So‘nggi turda Argentina 2:1 hisobida g‘alaba qozondi, bu natija ham Nigeriyaning guruh peshqadamligidan tushira olmadi. Guruhdan oltitadan ochko tuplagan Bolgariya, Argentina va Nigeriya keyingi bosqichga yo‘l oldi, chunki AQSh – 94 24 jamoa ishtirok etgan eng so‘nggi turnir hisoblanadi, ya'ni yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan to‘rtta uchinchi o‘rin sohiblari ham pley-offda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritishardi. Nigeriyani esa nimchorakda Italiya kutib turardi.

O‘sha o‘yin ko‘pchilikning yodidan chiqmasa kerak. Nigeriya birinchi taymda hisobni ochdi, buning ustiga 75-daqiqada italiyaliklarning yetakchi futbolchilaridan biri Zola maydondan chetlatilgandi. Afsuski, Nigeriya kamerunlik qo‘shnilari natijasini takrorlay olishmadi. 88-daqiqada Roberto Bajjo hisobni tenglashtirdi, qo‘shimcha vaqtda esa uning o‘zi penaltidan g‘alaba to‘pini kiritdi.

«Superburgutlar», ularni shunday deb atashadi, o‘sha chempionatda barchada iliq taassurot qoldirdi. Asosiysi kamerunliklardan farqli ravishda Nigeriya bir nechta yulduz futbolchilarni ham dunyoga ko‘z-ko‘z qila olgandi. Jamoaning bir nechta futbolchilari o‘z sovuqqonliklari va aqlli futbol ko‘rsatishlari bilan nafaqat aynan shu terma jamoa, alohida futbolchi sifatida ham kuchli ekanliklarini isbotlay olishgandi. Shunday bo‘ldi ham, Olise, Finidi, Okocha, Amunike, Yyekini, Amokachi kabi futbolchilar butun Yevropa bo‘ylab sochilib ketishdi va o‘zlarini klub miqyosida ham ko‘rsata boshlashdi.

1994 yil mamlakat uchun futbol yili bo‘lgandi, aynan o‘sha yili Nigeriya tarixida ikkinchi bor Afrika kubogini ham o‘ziniki qilib oldi. Esingizda bo‘lsa, o‘sha g‘alaba tufayli nigeriyaliklar Xirosima o‘yinlari g‘olibiga aylangan yurtdoshlarimizga qarshi Afroosiyo kubogi uchun ikki marta maydonga tushishgandi. Terma jamoaning o‘sha yillardagi bosh murabbiy, niderlandiyalik Klemens Vesterxof mamlakatning hamma davrlar uchun eng buyuk trener sifatida e'tirof etildi.

AQSh stadionlari nigeriyaliklar uchun juda ham omadli ekanligi ikki yil o‘tib o‘z tasdig‘ini topdi. Bunisi endi haqiqiy sensatsiya edi. Nigeriya olimpiada o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Nvankvo Kanu esa dunyo futbolining yangi superyulduzi sifatida tilga olina boshlandi.

JCh-98 oldidan Nigeriya terma jamoasi hatto chempionlikka da'vogarlar sifatida tilga olina boshlandi. Doimo «qovun tushirib» qo‘yadigan futbol qiroli Pelening Nigeriyaning chempion bo‘lishi haqidagi bashorati o‘shanda hech kimning hayratiga musharraf bo‘lmagandi. Nigeriya haqiqatdan ham kuchli edi. Murabbiy esa JCh bo‘yicha o‘ziga xos mutaxassis Bora Milutinovich edi.

Guruhda Nigeriya barcha ishonchlarni oqladi. Ispaniyaga qarshi kechgan ilk o‘yin turnirni bezagan eng chiroyli o‘yinlardan biri edi. Afrikaliklar ikki marta hisobda orqada borganliklariga qaramasdan, 3:2 hisobida g‘alaba qozondilar. Ayniqsa o‘yinning 78-daqiqasida Olisening jarima zarbasidan kiritgan hal qiluvchi goli juda chiroyli chiqqandi. Keyingi turda bolgarlar 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi. Shunday holat yuzaga keldiki, Ispaniya – Bolgariya o‘yini qaysi hisobda yakunlanishidan qat'iy nazar, guruhning boshqa bir a'zosi, ikki uchrashuvni ham durang bilan yakunlagan Paragvay terma jamoasi agar Nigeriya ustidan g‘alaba qozonsa, keyingi bosqich masalasini hal qilgan bo‘lardi. Bu safar ham barcha masalani ikki turda hal qilgan Nigeriya terma jamoasi o‘sha uchrashuvga kuchsizlantirilgan tarkibni tushirdi va 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Bu Bora Milutinovichning katta xatosi edi. Bu taqlid musobaqalarda odatda bir nafasda turnir yo‘li bosib o‘tilishi va jamoa o‘yindan o‘yinga sayqallashib borishi kerak. Aynan yetakchilardagi o‘sha tanaffus Daniyaga qarshi kechgan nimchorak finalda salbiy ta'sir o‘tkazdi. Albatta bunda yevropaliklaring o‘yinga tanlagan to‘g‘ri taktikalarining ham ulushi bor, xullas Daniya «superburgutlar»ga umuman hech qanday imkoniyat qoldirmadi, hisob – 1:4, Daniya foydasiga.
Keyingi turnirlar Nigeriya u qadar yorqin porlamadi.

ARGeNTINADAN AJRALMAY

Foto: Guliver/GettyImage


Ammo bir qiziq jihatga e'tibor berish lozim. Yuqorida Nigeriyaning ilk porlagan mundiali Argentina terma jamoasi bilan bog‘liq bo‘lgani, bu ikki terma jamoa bir guruhdan joy olgani haqida esladik. Qizig‘i, keyingi mundiallarda ham Nigeriyaning yo‘llari Argentina bilan kesishmay qolmayapti.

2002 yilda o‘tgan chempionatda nigeriyaliklar Argentina, Shvetsiya va Angliya bilan birga o‘lim guruhidan joy olishdi va yevropaliklar guruhni muvaffaqiyatliroq yakunladi. 
2010 yilda Afrikada o‘tgan mundialda yana eski do‘stlar bir guruhda edi. Faqat bu safar o‘lim guruhi emasdi, Gretsiya va Janubiy Koreya terma jamoalari nigeriyaliklar uchun o‘tsa bo‘ladigan raqiblar edi. Ammo bu safar ham omad yurishmadi va Nigeriya so‘nggi o‘rinni band etdi.
2014 yilda yana Argentina. Nigeriya bu safar yaxshi harakat qildi, Bosniya va Eron bizning juftlikning oldiga tusha olishmadi.
Qarangki, Rossiyadagi jahon chempionatida ham Nigeriya – Argentina o‘yinini aniq tomosha qilamiz. Jamoalar yana bir guruhdan o‘rin olishgan.   

HOZIRGI NIGeRIYa

Foto: Getty Images

Bugungi Nigeriya terma jamoasi masalan, Misrdagi Saloh kabi, butun dunyoni o‘ziga qaratgan, umuman e'tibor berish mumkin bo‘lgan yangi nomlarga ega emasdek. Ammo tarkibni yaxshilab tahlil qilinsa, har chiziqda Yevropada katta tajribaga ega bo‘lgan va yuqori saviyali musobaqalarda ishtirok etgan futbolchilarni uchratish mumkin. 

Misol uchun maydon markazida to‘p suradigan Vilfred Ndidi «Lester»da muhim futbochlilardan biriga aylanib ulgurgan va qaysidir ma'noda Ngolo Kanten bilan ham solishitirilmoqda. Uning sherigi Joel Obi esa «Inter» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va hozirda «Torino» safida to‘p surmoqda.

Viktor Mozes bir paytlar hujumchi sanalardi va Nigeriya terma jamoasi safida ham ko‘proq oldingi safda harakat qilgan. Lekin Antonio Konte uni ajoyib literalga aylantirdi, «Chelsi»ning chempionlik mavsumida ayniqsa, Mozes APLda qayta kashf qilingandi. 

Uning universalligi ham murabbiyga qaysidir ma'noda qo‘l keladi, sababi, oldingi chiziqda Kalechi Ixeanacho, Ahmad Musa, Aleks Ivobi kabi yorqin futbolchilar ham bor.

E'TIBOR BeRISh LOZIM: Aleks IVOBI

Foto: Laurence Griffiths/Getty Images 

1996 yilda Nigeriya tarkibida olimpiada g‘olibi bo‘lgan va keyinchalik terma jamoaning yetakchi futbolchilaridan biri bo‘lgan Jyey Jyey Okochani eslasangiz kerak. Aleks uning jiyani bo‘ladi.

O‘sha olimpiadadan uch oy oldin Laosda tavallub topgan Ivobi 8 yoshida «Arsenal» akademiyasiga qabul qilinadi va ayniqsa, o‘tgan mavsumdan boshlab Arsen Vengerning e'tiboridagi futbolchiga aylandi, londonliklar safida oltmishdan ortiq o‘yinda maydonga tushdi.

Yuqori texnikaga va tezlikka ega bo‘lgan Aleks Ivobi Angliyaning barcha yoshdagi terma jamoalarida o‘ynab chiqdi. Ammo kattalar tarkibiga qo‘shilmasdan oldin Okocha va uning do‘sti, yana bir mashhur futbolchi Nkvanko Kanu bilan maslahatlashdi. Sobiq yulduzlar qahramonimizga Nigeriyani tanlashni maslahat berishdi.

19 yoshidan Nigeriya safida debyut qilgan futbolchi 2017 yilning noyabrida Argentina terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ikki gol muallifi bo‘lganini ta'kidlash kerak. Rossiya maydonlarida ham, dastlabki bosqichda Nigeriyaning asosiy raqibi aynan Argentina bo‘lishini avvalgi bo‘limda aytib bo‘lgandik.  

JCh-2018

Foto:  EPA/Cristiane Mattos

Nigeriyaliklar mundialdagi ilk o‘yinni 16 iyun kuni Kaliningradda guruhdagi ikkinchi o‘rin uchun asosiy raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan Xorvatiyaga qarshi o‘tkazadi. Aynan shu o‘yindagi natija jamoalarning keyingi taqdirini hal qilishini taxmin qilish mumkin. 22 iyun kuni Islandiyaga qarshi o‘yin Volgograddagi stadionda tashkil etiladi. So‘nggi turni Nigeriya Sankt-Peterburgda Argentinaga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yin 26 iyun kuniga belgilangan.

Qiziq tomoni, agar Nigeriya guruhdan chiqa olsa, nimchorak finalda S guruhi g‘oliblari, balki Fransiya va Daniya terma jamoalaridan biri bilan kuch sinashishi mumkin. 1998 yildagi jahon chempionatida Daniya qahramonlarimizni 1/8 finaldan chiqarib yuborgan bo‘lsa, 2014 yilda Fransiya yo‘lga to‘g‘anoq bo‘lgandi.

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid