Jamiyat | 10:47 / 12.05.2018
39708
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qahramoni Mavluda Ismatova vafot etdi

O‘zbekiston Qahramoni Mavluda Ismatova

Taniqli pedagog, O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, O‘zbekiston Qahramoni Mavluda Ismatova 2018 yil 11 may kuni 75 yoshida vafot etdi. Prezident va hukumat a'zolarining ta'ziyasi matni O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida e'lon qilingan.

M.Ismatova 1943 yil 7 mayda Toshkent shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi. 

O‘z mehnat faoliyatini 1968 yilda Toshkent tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta'lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshladi. 1975-1979 yillarda ushbu ta'lim maskanida ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qildi. 1983 yilda u Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 273-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga direktor etib tayinlandi va umrining oxiriga qadar shu dargohda samarali ish olib bordi. 
 
M.Ismatova 50 yildan ziyod pedagoglik faoliyati davomida o‘zini mohir o‘qituvchi, yoshlarning sevimli ustozi, o‘quv-tarbiya jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish, ta'limni hayot va amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida katta salohiyatga ega bo‘lgan bilimdon mutaxassis sifatida namoyon etdi. Ana shunday ezgu fazilatlari bilan mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta'lim-tarbiya sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishga, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shdi.
 
Fidoyi pedagog rahbarlik qilgan maktab bir necha bor “Yilning eng yaxshi maktabi” sifatida e'tirof etilgan bo‘lib, uning pedagogik tajribasi mamlakatimiz miqyosida keng o‘rganilib, ommalashtirilgan.
 
Boy bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan M.Ismatova jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, el-yurt o‘rtasida katta obro‘-e'tibor qozongan edi.
 
M.Ismatovaning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U 1995 yilda “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni, 1999 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoni bilan mukofotlangan edi.
 
Mohir pedagog, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Mavluda Ismatovaning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi. 
 

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, U.Inoyatov, T.Azlarov

Mavzuga oid